Bugun Senatorlar tomonidan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullandi. Qayd etilganidek, mazkur Qonun qonun hujjatlarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish va Qonun normalarini xalqaro talablar bilan, xususan Xalqaro Qonunlashtiruvchi Metrologiya Tashkilotining D1 “Metrologiya bo‘yicha qonun elementlari” xalqaro hujjati (III bob) va o‘lchashlar birliligini ta’minlash sohasidagi asos bo‘luvchi davlatlararo hujjatlarning qoidalariga uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqildi.
“Metrologiya to‘g‘risida”gi amaldagi Qonunning keyingi moddalari bir xilda talqin qilinishini ta’minlash uchun asosiy tushunchalar “davlat metrologiya xizmati”, “metrologik kuzatuvchanlik”, “o‘lchashlar aniqligining ko‘rsatkichi” kabi terminlar bilan to‘ldirilmoqda. Bunday terminlar kiritilishi bilan “o‘lchash vositalarini qiyoslash” va “metrologiya xizmati” terminlarining ta’rifi o‘zgartirilmoqda.
Bundan tashqari, o‘lchash birligini ta’minlash sohasida faoliyat olib borayotgan sub’ektlar, xususan davlat metrologiya xizmati, davlat boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlari tomonidan metrologiya nazoratini o‘tkazish huquqlari belgilanmoqda. Shuningdek, alohida moddalarda metrologiya xizmatlarining huquqlari va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.
Qonun normalarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar qoidalariga uyg‘unlashtirish maqsadida yangi “qadoqlangan tovar” termini kiritilmoqda, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati “qadoqlangan tovarlar” deb nomlangan yangi ob’ekt bilan, shuningdek har qanday turdagi o‘ramlarga qadoqlangan tovarlarni qadoqlash va sotishda ularning soni ustidan davlat metrologiya nazoratini tartibga soladigan yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Qonunni qabul qilish natijasida milliy metrologiya tizimini Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (MOZM), Xalqaro tarozilar va o‘lchovlar byurosi (BIPM) kabi metrologiya sohasidagi xalqaro va hududiy tashkilotlar faoliyatida O‘zbekiston mavqe’ni oshiradi.
Eng muhimi, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishiga imkon yaratadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozorlarida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqish, xizmatlar xavfsizligini ta’minlashda iste’molchilarning huquqlari hamda davlat manfaatlarini himoya qilishga yordamlashadi.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, Qonun qabul qilinishi o‘lchashning ishonchsiz natijalari vujudga kelishining va amalda qo‘llanilishining oldini olish orqali fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘lchash birligini ta’minlash sohasidagi huquqiy normalarni amalga oshirish imkoniyatini beradi.