Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan 19-20-fevral kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, “Gebze” uyushgan sanoat zonasi, “Ziraat” banki, “Zorlu xolding”, “Joshkunoz xolding”, “Ekzachibashi”, “Baykar”, “Dunyagoz”, “Kanimed saglik”, “Bau global”, “Xavelsan” kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
 
Oʻzbekistonda qulay biznes muhitini yaratish boʻyicha qilinayotgan oʻzgarishlar va xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar turkiyalik ishbilarmonlarning yurtimizga qiziqishini oshirdi. Jumladan, oxirgi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi. Qoʻshma shirkatlar soni salkam mingtaga koʻpaydi. Transportda tashish koʻlamlari jadal kengayib bormoqda.
 
Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Bunda qoʻshma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ragʻbatlantirilayotgani muhim omil boʻlmoqda.
 
Masalan, 2019-yilda Turkiyaning “Calik Enerji” kompaniyasi ishtirokida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirildi.
 
Mamlakatimizda 1993-yildan buyon vakolatxonasi faoliyat koʻrsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi yurtimizdagi tibbiyot va taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilishida faol qatnashib kelmoqda.
 
Oʻzbekistonga qiziqish bildirayotgan turk kompaniyalari tibbiyot, taʼlim, mashinasozlik kabi sohalarga investitsiya kiritish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish orqali yuqori sanoatlashgan mahsulotlar ishlab chiqarib, uchinchi davlatlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
 
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda biznes muhiti oʻzgargani, byurokratiyaga barham berilgani, xorijiy investorlarga eshiklar ochilgani, ularga erkin ishlashi uchun kafolat berilishini taʼkidladi. Jumladan, Oʻzbekistonda investorlarga xuddi Turkiyadagi kabi barcha sharoitlar yaratib berilishini qayd etdi.
 
– Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Oʻtgan yili investitsiya boʻyicha qonun qabul qilindi. Bu qonun bilan endilikda Oʻzbekistonda investorlarning barcha huquqlari himoya qilinadi.
 
Prezidentimiz endilikda turkiyalik ishbilarmonlar bilan muntazam muloqot olib borilishi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 5 nafar xodim faqat investitsiya boʻyicha ishlashini taʼkidlab, turk tadbirkorlarini faollikka chorladi.
 
Uchrashuvda kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
 
Turkiyalik ishbilarmonlar oʻtgan yili Oʻzbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻzgarishlarga, odamlarda “islohotlar tafakkuri”ga guvoh boʻlganini taʼkidladi. Oʻzbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.
 
Shu bilan bir qatorda “Ronesans Holding” bilan “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish boʻyicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.
 
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari oʻrtasida aloqalarni yana-da rivojlantirish, oʻzaro mahsulot yetkazib berish, xizmat koʻrsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy oʻquv yurtlari tashkil etish boʻyicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Prezidentimiz bu rejalarni maʼqullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga oʻtish, byurokratik toʻsiqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
 
Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻan tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu majmua Prezident qarorgohidan tashqari turli davlat muassasalari, kongress-xol, madaniyat markazi, masjid va Xalq kutubxonasidan tashkil topgan. 4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayldan iborat fondga ega kutubxona xizmat darajasi boʻyicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu maʼnaviy boylik maskani Prezident qarorgohi – Jumhur bashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini koʻrsatadi.
 
Kutubxona arxitekturasi, shuningdek, butun majmua loyihasi turk muhandisi Shafik Birke tomonidan milliy meʼmorlik va zamonaviy uslublarni uygʻunlashtirgan holda ishlangan. Loyihani yaratishda bir qancha rivojlangan davlatlar ziyo maskanlari, AQSHdagi Prezident kutubxonasi, Buyuk Britaniya, Fransiya milliy kutubxonalari tajribalari oʻrganilgan.
 
Kutubxona qurilishi 2015-yili boshlangan. Umumiy maydoni 125 ming kvadrat metrdan iborat binoning asosiy qismi 11 qavat boʻlib, markaziy katta gumbaz va foye, oʻqish va koʻp tarmoqli zallar, qadimiy qoʻlyozma adabiyotlarni restavratsiya qilish laboratoriyasi, arxiv majmuasi, koʻrgazma maydonlari, bolalar uchun audio va video koʻrish xonalari, nashrlarni saqlash fondlari, kafelar, restoranlardan tashkil topgan.
 
Ushbu maʼrifat maskani eng zamonaviy texnik imkoniyatlarga ega boʻlib, yangi formatdagi kutubxona xizmatlarini oʻzida mujassam etgan.
 
Ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon –olimlar, yozuvchilar, taʼlim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti tomonidan taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon boʻldi.
 
Bunda ham oʻziga xos chuqur maʼno bor. Davlatimiz rahbarining kitobga mehri, kitobxonlik targʻibotiga eʼtibori boʻlakcha. Maʼrifat, taʼlim, yoshlar tarbiyasiga oid xalqaro tashabbuslari ham barchaga maʼlum. Joriy yil Oʻzbekistonda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilingani ham ilmga eʼtiborning yana bir dalolati.
 
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
 
Davlatimiz rahbari shunday muhim va shukuhli voqeaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, qardosh turk xalqini ushbu ilm-maʼrifat maskani bilan muborakbod etdi.
 
– Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – dedi Prezidentimiz.
 
Oʻzbek va turk xalqlarining ildizi bir, maʼnaviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qoʻshgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining soʻnggi yillarini Istanbulda oʻtkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif Soʻfizoda, Said Ahroriy kabi koʻplab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.
 
Bugungi kunda Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet bor. Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qoʻlyozmalari saqlanib kelmoqda.
 
Davlatimiz rahbari yurtimizda zamonaviy maktablar, ilmiy-maʼrifiy markazlar tashkil etilayotganini taʼkidladi.
 
Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, hadis, kalom, aqiyda, tasavvuf, fiqh maktablari ochilgan. Toshkent shahrida koʻp asrlik maʼrifat xazinasini namoyon etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda.
 
Bu yil ulugʻ allomalar Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi. Mahmudxoʻja Behbudiy tugʻilganining 145-yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
 
Prezidentimiz turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirlarga taklif etdi. Oʻzbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qoʻlyozma asarlar saqlanayotgani, ularning aksariyati oʻz tadqiqotchilarini kutayotganini taʼkidladi.
 
Turkiya Prezidenti ushbu quvonchli ayyomda Oʻzbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.
 
– Oʻzbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va maʼnaviy dunyomizni taʼminlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir, – dedi Rejep Tayyip Erdogʻan. – Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bogʻlab, oʻzaro boyitgandir. Bu kun Xalq kutubxonasini Janobi Oliylari bilan birgalikda ochib, mushtarak madaniyatimiz haqida butun dunyoga muhim bir ishora bermoqdamiz.
 
Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Musʼhafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.
 
Shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.
 
Davlat rahbarlari rafiqalari hamrohligida Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi mazkur mahobatli koshonaning birinchi faxriy mehmonlari boʻlishdi.
 
Noyob kitoblar koʻrgazmasi namoyish etildi. Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbariga noyob kitoblardan birini sovgʻa qildi. Davlat rahbarlari birgalikda Oʻzbekistondan keltirilgan kitoblar koʻrgazmasi bilan ham tanishdilar.
 
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga tashrifi yakunlandi. Oliy darajadagi Oʻzbekiston – Turkiya muloqotining yangi formatiga asos solgan ushbu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab berdi. Oʻtkazilgan uchrashuv hamda muzokaralar, imzolangan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar ikki davlat munosabatlari va qardosh xalqlar doʻstligini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qiladi.
 
Matnazar ELMURODOV,
 
OʻzA maxsus muxbiri.
 
Anqara
O'zA