Respublikamizning barcha hududlarida ulkan hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Buning natijasida yurtimizda bir-biridan shinam turar joylari va osmono‘par binolar qad ko‘tarmoqda.
Albatta, bu binolarga ishlatilayotgan qurilish mahsulotlari ham standart talablariga javob berishi lozim. Aks holda qurilishlar inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap. Shuni alohida ta’kidlash joizki, qurilish mahsulotlari yurtimizda majburiy sertifikatlanadigan mahsulot turiga kiritilgan.
“O‘zstandart” agentligi huzuridagi Departament mutaxassislari respublikamizda qurilishda ishlatiladigan metall mahsulotlarining sifatini o‘rgandilar.
Afsuski, o‘rganishlar natijasini ijobiy deb bo‘lmaydi. Tahlilllarga ko‘ra, 18 ta metall mahsulotlari namunalarining 10 tasi (5 ta holatda 12 mm, 2 ta holatda 14 mm va 3 ta holatda 16 mm li armaturalar amaldagi me’yoriy hujjatlar, ya’ni fizika mexanik xossalari va kimyoviy tarkibi bo‘yicha talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur mahsulotlarni xarid qilishda uning muvofiqlik sertifikatlari va ilovasidagi mahsulotni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi sinov bayonnomalarini talab qilishingiz tavsiya etiladi.