Qonunchilik palatasining 2019 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Qonun loyihasidagi asosiy tushunchalarning mohiyati belgilangan moddalarda aks etgani sababli, ularning soni 18 tadan 8 tagacha qisqartirildi.
Qonun loyihasi bilan metrologiya xizmati nima ekaniga aniqlik kiritilgan. U davlat metrologiya xizmatidan, davlat boshqaruv organlari metrologiya xizmatidan, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hisoblanmagan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlaridan tarkib topadi. O‘z navbatida, davlat metrologiya xizmati “O‘zstandart” agentligi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalaridan tarkib topadi.
“Davlat etaloni” tushunchasi “milliy etalon” tushunchasiga almashtirildi. Milliy etalon metrologiya bo‘yicha milliy organning qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida muayyan kattalik birligining o‘lchamini belgilash uchun birlamchi etalon sifatida e’tirof etiladi.
Texnik vositalarni o‘lchash vositalari va (yoki) sinov vositalari jumlasiga kiritish mezonlari belgilangan. Undan tashqari, qonun loyihasining 26-moddasida o‘lchash vositalarini kalibrlash ma’lum sharoitlarda ular yordamida olingan kattalik qiymati hamda etalon bilan qayta tiklanadigan tegishli kattalik qiymati o‘rtasidagi nisbatni aniqlash orqali o‘lchash vositasining metrologik tavsiflarini belgilash maqsadida amalga oshiriladi.
Loyiha sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazishga doir yangi modda bilan to‘ldirilgan. Sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish ularning normalangan texnik tavsiflarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi metrologiya sohasining xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilishini, shu bilan birga, mahsulot, jarayonlar, ishlar, xizmatlar xavfsizligi masalalarida iste’molchilar hamda davlat manfaatlarini himoya qilishga, mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, sohaning xalqaro tamoyillar asosida rivojlanishiga, ko‘rsatilayotgan metrologik xizmatlar sifati oshishiga va jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga imkon yaratadi.
Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishiga imkon yaratadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarning jahon bozorlarida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash, xizmatlar xavfsizligini ta’minlashda iste’molchilarning huquqlari hamda davlat manfaatlarini himoya qilishga yordamlashadi.
Qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar uni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ma’qulladilar. Qonunchilik palatasi qonunni Oliy Majlis Senatiga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.