Matbuot anjumanida OAV xodimlariga Agentlik tomonidan iste’mol mahsulotlarining muvofiqligini baholash tizimini takomillashtirish, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ko‘zlagan holda ularni sifatli, va atrof muhit uchun xavfsiz bo‘lgan mahsulotlar bilan ta’minlashning dolzarbligi  yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Davlat Bojxona qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iste’molchilarning Huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi  mas’ullari ishtirok etgan matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Respublikamizga  belgilangan me’yor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarning kirib kelish holatlari mavjud.

 

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida import mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida jami miqdori 2,9 mlrd. so‘m bo‘lgan 14 turdagi mahsulot bo‘yicha 20 holatlarda belgilangan me’yorlarga nomuvofiqligi aniqlangan.

Savdo nuqtalarida sotiladigan mahsulotlarni to‘liq sinovlardan o‘tkazish bo‘yicha 2018 y. o‘tkazilgan tadbirlar borasida ham import ham mahalliy bolalar o‘yinchoqlari, bolalar poyafzallari, quyultirilgan sut, pishloq, kolbasa va muzqaymoq namunalari belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlandi.

 

O‘tkazilgan sinov natijalariga ko‘ra, bolalar o‘yinchoqlari va bolalar poyafzallari formaldegid miqdori bo‘yicha nomuvofiq bo‘lib, miqdori 0,031 mg/m3 tashkil etgan, bu esa belgilangan normadan 10 barobar yuqori. Poyafzal namunalari “taglik mahkamlanishining mustahkamligi” va “poyafzalning egiluvchanligi” ko‘rsatkichlar bo‘yicha normalarga nomuvofiq, poyafzalning ichki qismi sintetik materialdan bajarilgan, bu belgilangan normalarga nomuvofiq bo‘lib, bolalarda teri va ortopedik kasalliklarga olib keladi. Quyultirilgan sutda shakar kristallarining ruxsat etilgan normalari oshib ketgan va yuqumli ichak kasalliklarini keltirib chiqaradigan “ichak tayoqchalari” aniqlangan.

 

Matbuot anjumani davomida OAV xodimlari mavzu yuzasidan ko‘plab savollariga javob oldilar.