O‘zbekistonda yanada ishonchli va aniq dozimteriyaga bo‘lgan ehtiyoj juda tez ortib borayotganligi tufayli O‘zbekiston milliy metrologiya institutidagi mavjud dozimetrik laboratoriya negizida ionlovchi nurlanish o‘lchash vositalarini qiyoslash uchun dozimetrik laboratoriyasini tashkil etish imkoniyati payda bo‘ldi.
“O‘zstandart” agentligi va MAGATE texnik hamkorligi doirasida 2019-2020 yillar uchun UZB6015 “O‘zbekiston Respublikasi ikkilamchi etalonlar dozimetrik laboratoriyasini tashkil etish” (Establishing the Secondary Standards Dosimetry Laboratory) loyihasi tasdiqlangan edi.
Mazkur loyihaga asosan, laboratoriyani rentgen va gamma nurlanish tizimlarining etalonlari, nurlanish manbalari bilan jihozlash, shuningdek mutaxassislarning malaka oshirishi, ta’lim olishi (amaliyot o‘tashi) va xorijiy mamlakatlarning yetakchi metrologiya muassasalarida ilmiy seminar treninglarda ishtirok etishlari ko‘zda tutilgan.
Xususan, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari Belorussiya davlat metrologiya institutining (BelGIM) dozimetrik laboratoriyasida bir oylik amaliyot o‘tab keldilar. Ushbu amaliyot davrida ionlovchi nurlanishlarni me’yorlash prinsiplari, dozimetrik tekshiruv priborlari va usullari, radiatsiya darajasini o‘lchash vositalarini o‘lchash va qiyoslashni bajarish va radiatsion xavfni baholash o‘rganildi.
Loyihaning keyingi bosqichida yangi jihozlar keltirilib o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.