Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!
Keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm industriyasini rivojlantirish, shu jumladan, imkon qadar qulaylik yaratish, tarmoqning raqobatbardoshligini yanada oshirish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va jahon bozorida milliy turistik mahsulotni faol tanitib borish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tizimli ishlar turistlar oqimini oshirish, infratuzilmani modernizatsiyalash, viza rejimini erkinlashtirish borasida sezilarli natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi. Masalan, eng liberal viza rejimlari reytingida O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida yurtimizga 3 million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 2,3 million nafarni tashkil etgan bo‘lib, 31 foizga oshdi. Natijada turistik xizmatlar eksporti 28 foizga oshib, 590,5 million dollarni tashkil etdi.
Bunday tendensiya va miqdoriy natijalar ham turizm infratuzilmasi ob’ektlari rivojiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, xorijiy turistlar mamlakatimizda uzoqroq vaqtga qolayotganligi tufayli ularni joylashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘paydi, bu esa turizm infratuzilmasi ob’ektlaridagi bandlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 364 yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning umumiy soni 472 taga yetgan.
Tadbirkorlar tomonidan turizm sohasiga 191,7 milliard so‘m investitsiyalar kiritilishi evaziga 1 ming 142 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirgi kunda 23 ming xonaga ega jami 1 ming 46 ta sayyohlar va mehmonlarni qabul qiladigan joylar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuning 107 tasi joriy yil birinchi yarmida barpo etildi.
Aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 364 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning umumiy soni 472 taga yetkazildi.
Erishilgan bunday ko‘rsatkichlarning zamirida turizm sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator farmon va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosining to‘liq ta’minlanayotganligini hamda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunining hayotga tatbiq etilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shu bilan birga, bu sohada ham qator muammolar ham mavjud. Buxoro shahridagi tarixiy obidalarni aylanish davomida turkiyalik sayyoh bilan suhbatlashdim. O‘zbekcha-turkcha aralash mamlakatimiz haqida, turistlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘lib-toshib gapirib berdi. Shu bilan birga turizmni rivojlantirish bo‘yicha bir-ikki takliflar ham bildirdi.
– Antaliyada va shunga o‘xshash kurort shaharlarda turistlarga bir tur davomida kompleks dastur taklif etishadi va unga umumiy xarajat stavkasi belgilanadi. Masalan, transport, ovqatlanish, suv havzalari, tarixiy ob’ektlarga tashrif, gid xizmati va hokazo. Bu yerda har bir obidaga borganda biz alohida pul to‘ladik, u yerdagi qo‘shimcha xizmatlarga ham boshqa to‘lov amalga oshirilar ekan. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlardagi tarixiy obidalar vakillari o‘zaro kelishib, mahalliy va xorijiy shaxslar uchun bitta to‘lov tizimini joriy etish mumkin. Masalan, bizda bu bir martalik maxsus kartochkalar ko‘rinishida tatbiq etilgan, – dedi sayyoh.
Aylanish davomida yana shunga guvoh bo‘ldimki, tarixiy obidalarda ishlayotgan gidlarning aksari faqat o‘zbek tilida so‘zlashuvchilardan iborat, bu ichki turizm uchun asqatar. Ammo xorijliklar uchun tarjimon o‘z yo‘liga, shu me’moriy obida tarixi, arxitekturasi va boshqa masalalar bo‘yicha ma’lumot bera oluvchi chet tilini biladigan gidlar kerak. Qo‘shimcha ravishda, har bir obida uchun audiogidlar tashkil qilish kerak. Mazkur audiogidlar dunyoning asosiy bir necha tillarida turistlar uchun obidalar haqida so‘zlab tursa, ko‘rinayotgan meros ortida yana qanday tarix borligini ko‘rsatib bergan bo‘lardi.
Shuni ham ta’kidlash joiz, aloqador vazirliklar va idoralar mamlakatimiz turizmi salohiyatini oshirishda yetarlicha faollik ko‘rsatmayapti. Misol uchun, Madaniyat vazirligi uzoq vaqt mobaynida O‘zbekiston muzey va teatrlarining turistlar uchun jalb etuvchanligini oshira olmaganligini, muzey faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy eta olmaganligini aytish mumkin.
Shuningdek, transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati va uning qulayligi hali ham hal etilmay qolmoqda. Aviachiptalarga narx qo‘yish, temir yo‘l transporti xizmatlari narxi va sifati o‘rtasidagi farq, ichki avtotransport yo‘nalishlari tarmog‘ining rivojlanmaganligi ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Temir yo‘l, avia va avtotransport chiptalarini onlayn bronlash tizimi hozirgi kunga qadar joriy etilmagan. Bu omillar ichki va tashqi turizm rivojiga jiddiy to‘sqinlik qilayotganligi shubhasiz.
Joriy yilning 13 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon sohaning rivojlanishi uchun tom ma’nodagi tarixiy qaror bo‘ldi.
Chunki mamlakatimiz tarixida ilk bor “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 oktabrdan boshlab “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llagan holda, shuningdek, “Buxoro” xalqaro aeroportida “beshinchi havo erkinligi”ni xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi.
Shuningdek, farmonda turizm faoliyati sub’ektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida esa 50 AQSh dollari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplab berilishi nazarda tutiladi.
Farmonda Turizm sohasida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Toshkent shahridan tashqari respublikamizning barcha hududlarida chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, “karaoke” zallari va turistik ko‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Mamlakatimiz turistik salohiyatini oshirishga befarq bo‘lmagan aholining oilaviy mehmon uylarini, turistlar uchun kamida besh xil xizmat ko‘rsatish turlarini tashkil etganda “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomini berishga oid yangiliklar kiritilmoqda.
Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, respublikamizning yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda turizm xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslarga bir qator soliq imtiyozlari berilishi nazarda tutilgan.
Mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan jamoat tuzilmalari vakillariga va xorijdagi vatandoshlarga “Turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish taklifining qo‘llab-quvvatlanishi nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning ham O‘zbekistonning ulkan turistik imkoniyatlarini ochib berishda muhim omil bo‘ladi..
Nurillo NASRIEV, O‘zA