Yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz sog‘ligini asrash, ularning salomatligiga xavf soluvchi har qanday holatlarni bartaraf etish, sifatli mahsulotlarni taqdim etish dolzarb masalalardan biridir.
Jumladan, bolajonlarimizga mo‘ljallangan o‘yinchoqlar nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki kimyoviy tarkibi, xavfsizlik jihatidan ham bolalarimiz salomatligiga ziyon yetkazmasligi shart.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan soha mas’ullari bilan “Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament loyihasi ishlab chiqildi:
Ushbu texnik reglamentda quyidagi xavfsizlik choralari ko‘zda tutilgan:
- o‘yinchoqlarni tayyorlashda foydalaniladigan xom ashyo toza, noinfiksion va amaldagi texnik reglamentda keltirilgan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjat talablariga mos bo‘lishi;
- o‘yinchoq loyihalanishi va tayyorlanishi, ulardan foydalanish jarayonida bolalarga hamda ularga qarab turuvchi shaxslarning sog‘ligi, hayoti uchun xavf tug‘dirmasligi;
- o‘yinchoqlarda oldin boshqa maqsadlarda ishlatilgan ikkilamchi xomashyoni qayta ishlab olingan materiallarni qo‘llash ruhsat etilmasligi;
- o‘yinchoqning mavjud qirralari, o‘tkir uchlari, qattiq detallari, prujinalar, mahkamlovchi qismlari, oraliqlar, burchaklar, bugrilari bilan bolalarni jarohatlanish xavfi bo‘lmasligi talab qilinadi.
Loyihani ishlab chiqishda mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda sohaga doir me’yoriy hujjatlardan foydalanildi.
Bugungi kunda umumiy texnik reglament loyihasi mas’ul vazirlik va idoralar bilan kelishildi, hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritishga tayyorlanmoqda.
Texnik reglament loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishib chiqishingiz hamda o‘z taklif va mulohazalarni tr@standart.uz elektron manziliga yuborishingiz mumkin.