2019 yil 29 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror mohiyatini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish hamda mavjud imkoniyatlar va kutilayotgan natijalarni muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari boshchiligida joriy yilning 7 avgust kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Qarorning asosiy maqsadi mamlakatning agrosanoat tizimi mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, ichki imkoniyatlar asosida intensiv agrosanoat tizimini tashkil qilish hamda oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishdan iborat.
Shuningdek, mazkur qarorga asosan “O‘zstandart” agentligining respublika hamda Namangan va Samarqand hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini to‘liq modernizatsiya qilish va yangi uskunalar bilan ta’minlash, oziq-ovqat sohasida 726 ta xalqaro standartlarni joriy qilish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.