Bugun Poytaxt Biznes Markazida “O‘zstandart” agentligi, Jahon Savdo Tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi kelishuv” mavzusida seminar-treyning o‘z ishini boshladi.
Seminar noan’anaviy tarzda bo‘lib, uning ishida Jahon Savdo Tashkilotining xalqaro savdo huquqi sohasidagi malakali eksperti Daniel Ramos mavzu yuzasidan o‘zining taklif va mulohazalari bilan qatnashmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassilari ishtirok etmoqdalar.
Seminar davomida Jahon savdo tashkilotining hozirgi kundagi faoliyati, savdoda texnik to‘siqlarni qo‘llash bo‘yicha kelishuv, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda standartlar, texnik reglamentlarning o‘rni va roli, muvofiqlikni baholash, ichki va tashqi bozorlarda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqib tarif va notarif tartibga solish tizimini ishlab chiqish va takomillashtirish, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda notarif tartibga solish chora-tadbirlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba, sanitar va fitosanitar choralarni qo‘llash bo‘yicha kelishuv doirasida tarif imtiyozlari xaqidagi mavzular atroflicha muhokama qilindi.