“O‘zstandart” agentligi tizimidagi Departament mas’ullari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bo‘lib, ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlar bilan uchrashdilar.

Jumladan, Nukus shahrida o‘tkazilgan yig‘ilish texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida tadbirkorlik sub’ektlariga yordam berishga bag‘ishlandi. Uchrashuvda Departament rahbariyati Prezidentimizning 4059-sonli va Vazirlar Mahkamasining 348-son qarorlarining mazmun-mohiyati hamda Departamenti tadbirkorlarga yaqin ko‘makdosh ekanligi xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv davomida 21 nafar tadbirkor me’yoriy hujjat bilan ta’minlandi.

Departament mutaxassislari Nukus shahri va atrofidagi qator korxonalarda ham bo‘lishib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdi va tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar yechimi yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdilar.

Shuningdek, Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ham tadbirkorlarga Prezidentimizning qarorlari mazmun mohiyati to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi hamda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Shundan so‘ng Departament mas’ullari Urganch shahridagi tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, sohaga doir masalalarda ularga amaliy yordam ko‘rsatdilar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilning shu davriga qadar, departament mutaxassislari 113 ta korxonada targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlar davomida 49 ta korxonalar zarur me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlandi, 28 ta korxonaga mahsulotlarni sertifikatlashtirish borasida ko‘mak berilib, 36 ta korxonada o‘lchov vositalarini qiyoslashdan o‘tkazishda zarur tavsiyalar berildi.