Poytaxtimizda “O‘zstandart” agentligi va ISO tashkiloti hamkorligida ISO standartlaridan foydalanish, ularni tarqatish va marketing strategiyasi bo‘yicha xalqaro trening seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ekspertlari Keti Byord va Tomas Tarun hamda standartlashtirish sohasida faoliyat yuritayotgan 15 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishmoqda. Ular Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Moldaviya, Chernogoriya, Serbiya, Armaniston, Gruziya, Shimoliy Makedoniya, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Belorusiya va Qirg‘iziston davlatlaridan tashrif buyurishgan.
Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda standartlashtirish sohasini keng rivojlantirish, mavjud ISO texnik qo‘mitalarida standartlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etish, ISO xalqaro standartlarni joriy etish orqali ichki bozorni sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash, xalqaro standartlarni joriy etish asosida sohalarga xorijiy investitsiyalar kiritish masalalari atroflicha muhokamaga qilinmoqda.