So’nggi yillarda yurtimizda eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, eksport qiluvchilarning an'anaviy tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlash va yangi bozorlarni o’zlashtirishga doir kompleks tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, eksportni rag’batlantirish va kengaytirish maqsadida eksport qiluvchi korxonalarni qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-sonli, 2018 yil 20 dekabrdagi PQ-4069-sonli va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 apreldagi PQ-348-sonli shular jumlasidandir.
“O’zstandart” hamda Eksportni rag’batlantirish agentligi o’rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida Respublikamizdagi mahsulotlarni xorijiy bozorlarga eksport qiluvchi korxonalarga standartlashtirish va sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlarini joriy etish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish, chet el bozorlariga “yagona darcha” tamoyili orqali kirish masalalari bo’yicha axborot va maslahat bilan qo’llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarni ishonchli yetkazib beruvchi ekanligini tasdiqlash uchun o’zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda targ’ib qilishda “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik sub'ektlari uchun tashqi savdo faoliyati masalalarida biznes-forumlar tashkil etish va o’tkazish kabi masalalar o’rin olgan.