Barcha sohalar qatorida milliy standartlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish borasida ham bir qator yangiliklar, islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Mana shunday xalqaro talablarga muvofiqligi ta’minlangan standartlardan biri ISO 15189 standarti qabul qilinishi borasida ishlarning boshlanganidir.
Xo‘sh, ISO 15189 standarti nima va bu standartning qabul qilinishi aholi uchun qanday yengilliklar yaratadi?
Hayotimiz biz kutmagan turli xil tasodiflarga to‘la. Bir kuni salomat, qushdek yengil yursak, ertasiga sog‘ligimiz bir oz pand berib qolishi mumkin. Aytaylik mana shunday holat biz o‘z uyimizdan olisda yurganimizda sodir bo‘ldi deylik. Bunday holatlarda avvalo shifokorga murojaat qilamiz va birinchi qiladigan ishimiz tibbiy tahlil topshirishdan iborat bo‘ladi. Biz tahlil natijalarini olib, vaziyat taqozosi bilan o‘z shahrimizga kelib shifokorga natijalarini ko‘rsatsak, u bu natijalarni tan olmaydi. Tabiiyki, biz qayta analiz topshirishga majburmiz. Ming afsuski, vaqtimiz va naqdimizni o‘g‘irlaydigan bunday holatlarga ko‘pchiligimiz guvoh bo‘lganmiz.
ISO15189 standarti qabul qilinishi tibbiy tashhislar qo‘yilishida mana shunday ovoragarchiliklarni oldi olinishiga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni bir mamlakatning turli joylarida tashxisdan o‘tganda bemorga bir xil standartda tashxis natijalari ko‘rsatilishi va bir labaratoriyada taqdim etilgan tashxis natijasi ikkinchi hududda ham tan olinishini ta’minlaydi.
Ushbu standart dunyo mamlakatlarida keng tadbiq etilib, ISO/IEC 17025 va ISO 9001ga asoslangan, har bir mamlakatda tibbiy laboratoriyalarning maxsus normativ hujjatlari yoki talablar bo‘yicha malakali xodimlar bilan ta’minlanishi, labaratoriyalarda sifatli va o‘ta aniq tashxis qo‘yilishi, tibbiy laboratoriya xizmatlarining xavfsizligi ta’minlab, xizmat qilish sifat darajasini va etikasi uchun muayyan talablarni belgilaydi.
Tibbiyot laboratoriyasi xizmatlari bemorlarni tekshirish, ularga maslahat berish, kasalliklarga tashxis qo‘yib, davolashga tavsiyalar berishi emas balki kasalliklarni oldindan aniqlab olishga ham xizmat qilishlari lozim. Shuningdek, har bir laboratoriya o‘z xodimlariga ilmiy tadqiqotlarda malakasini oshirishga imkon yaratib berishi kerak. Ushbu standart barcha umume’tirof etilgan tibbiyot laboratoriyalarida tartibni ta’minlashga mo‘ljallab ishlab chiqilgan bo‘lib, klinik fiziologiya, tibbiyot vizualizatsiyasi va tibbiyot fizikasi kabi boshqa xizmat turlari xodimlariga ham ish-faoliyatiga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, vakolatli organlar tibbiyot laboratoriyasi qanchalik talablarga javob berayotganini baholashda ushbu standartdan asos sifatida foydalanishlari mumkin.
Bu degani kelajakda joylarda ushbu standartni keng qo‘llanishi aholi uchun tibbiy tahlil va ko‘rik natijalari borasida muammolarning oldini olishga yordam beradi.