“O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmatining tashabbusi bilan hududiy markazlar va ularning ishlab chiqarish korxonalariga ko‘rsatayotgan amaliy yordami targ‘iboti yo‘lga qo‘yildi.
Dastlab, OAV xodimlariga Namangan Sinov va sertifikatlashtirish markazi faoliyati xususida ma’lumot berildi. Unda markazning viloyat korxonalariga sifat menejmenti tizimlarini joriy etishi, metrologiya, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish va mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish yuzasidan tahliliy yangiliklar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2018 yil davomida 1788 ming so‘mlik mahsulotlar yaroqsiz deb topilgan. Shundan 190,5 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 1597,5 ming so‘mlik kimyo mahsulotlari tashkil etgan. Joriy yil 1-choragida 36.676 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqsizligi aniqlangan.
Media-tur ishtirokchilari shundan so‘ng viloyatdagi bir necha ishlab chiqarish korxonalarida ham bo‘lib, ularning markaz bilan amaliy hamkorlikdagi ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bunday Media-turlar boshqa markazlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.