O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-sonli qarorida “2019-2021 yillarda texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturi” ijrosini ta’minlash, hamda xozirgi kunda qabul qilingan texnik reglamentlarni mazmun va mohiyatini tushuntirish borasida tegishli ishlar bajarilayotgani xususida so‘z bordi.
Mamlakatlar o‘rtasida savdo va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda xavfsiz va sifatli mahsulot ishlab chiqarish maqsadida hozirgi kunda jami 40 ta texnik reglament qabul qilingan, shulardan 10 ta texnik reglament oziq-ovqat sohasiga taaluqlidir.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, ichki bozorni sifatsiz oziq-ovqat va boshqa mahsulotlardan muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari, Yevropa va Bojxona ittifoqi, hamda MDH davlatlari reglamentlari normalari va halqaro standartlar talablari bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Buning natijasida Texnik reglamentlar asosida rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalari chet davlatlarda tan olinishi hamda sifatsiz mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfini nazorat qilish tartibi o‘rnatiladi.
Agentlik laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va imtiyozli kreditlarini jalb qilish yuzasidan amaliy ishlar olib bormoqda, jumladan:
“Respublikada meva sabzavotchilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida “O‘zstandart” agentligiga Jahon bankidan 20,3 mln.dollar imtiyozli kredit ajratilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi PQ-3790-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan, “O‘zstandart” agentligi tizimidagi 8 ta hududda va 2 ta Toshkent shahrida jami 10 ta markazlar qoshidagi sinov laboratoriyalarida yangi oziq-ovqat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini sinash bo‘yicha zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sinov laboratoriyalar tashkil etilishi belgilangan. Bu borada “O‘zstandart” agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Agentligi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan yo‘l haritasi ishlab chiqilib, 2020 yilga qadar uskunalarni harid qilish rejalashtirilgan.
Undan tashqari, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi qoshidagi oziq-ovqat mahsulotlarini sinash laboratoriyasiga Koreyaning KOICA dasturi orqali grand xisobiga zamonaviy 3 dona sinov uskunalari o‘zlashtirildi. Ushbu uskunalar yordamida oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizlik ko‘rsatkichlari aniqlanishi yo‘lga qo‘yildi.
Aytish lozimki, 2018 yil sertifikatlashtirish organlari tomonidan jami 148.8 mlrd. so‘mlik mahalliy va import qilinayotgan mahsulotlar tegishli me’yoriy xujjatlarga nomuvofiq deb topildi. Bulardan 5,0 mlrd. so‘m qiymati oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Nomuvofiq deb topilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Qozog‘iston, Gruziya, Pokiston, Turkiya va Rossiya davlatlaridan import qilingan. Hozirgi kunga qadar Agentlik tizimidagi 12 ta sinov laboratoriyalar xalqaro darajada xalqaro tashkilotlarning akkreditlash organlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Matbuot anjumani so‘nggida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.