O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4059-sonli Qaroriga muvofiq, xorijiy tajribalardan keng foydalanish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.

Shu bilan birga, mahsulotlarning muvofiqlikni baholashda qo‘llaniladigan sinov bayonnomalarni, sifat sertifikatlarini chet mamlakatlarda tan olinishini ta’minlash maqsadida “O‘zstandart” agentligi tomonidan xorijiy davlatlarning nufuzli muvofiqlikni baholash sohasidagi idoralarning tajribalarini o‘rganish va ikki tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish vazifalari belgilab olingan.

Joriy yilning 1 aprel kuni “O‘zstandart" agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi vakillari ishtirokida Germaniyaning “TUV Thuringen e.V” tashkiloti bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda, O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya o‘rtasida ishonch, hamkorlik va manfaatdorlikka asoslangan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, Germaniyaning “TUV Thuringen e.V” tashkiloti bilan hamkorlikda muvofiqlikni baholash bo‘yicha sinov laboratoriya va sertifikatlashtirish idorasini tashkil etish va ikki tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama etildi.