Germaniyalik halqaro ekspert Fredrix Notdurft Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, “Global Agro Eksport Agrofirma”, “Uz trade Agro”, “Surxon Meva Invest”, “Gold Dried Fruits Export” eksportyor korxonalariga “Global G.A.P” xalqaro standart talablarini joriy etish amaliyot-treyning seminarlarini o‘tkazdi.

Tadbir davomida meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar va ishlab chiqarish korxonalar vakillari bilan birgalikda hududdagi dalalarga borib tajribalar o‘rganildi. Fredrix Notdurft mahsulotlarni saqlash, qadoqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyat kasaba uyushmasi boshqarmasida ham tegishli tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro ekspert ishtirokida viloyatdagi “Global G.A.P” halqaro standartlarini joriy etish imkoniyati bor fermer xo‘jalik vakillariga o‘quv-seminari tashkil etildi.

 

Seminarga shahar va tumanlardan 30 ga yaqin fermer xo‘jalik rahbarlari tashrif buyurishdi. Germaniyalik ekspert “Global G.A.P” halqaro standart talablari, mohiyati, joriy etish uslubini atroflichap tushuntirib berdi. Trening davomida Surxondaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi vakillari mamlakatimiz eksport potensialini kengaytirish, eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida yetishtirayotgan mahsulotlarimizni jahon bozoriga, Yevropa mamlakatlariga eksport qilishning yagona yo‘li – “Global G.A.P” xalqaro standartlarini joriy etish ekanligini ishtirokchilarga aytib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligida yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar, o‘zgarishlar, xalqaro standartlarni joriy etish siyosati meva-sabzavotchilik tarmog‘ining yanada yuksalishi, eskport hajmining oshishi, dehqon va fermer xo‘jaliklarining moliyaviy jihatdan mustahkamlanishi bilan birgalikda yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik yanada ortishini ta’minlaydi.