Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish maqsadida “O‘zstandart” agentligining hududiy markazlarida qator seminar-yig‘ilishlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi anjuman Farg‘ona viloyat Davlat bojxona boshqarmasi majlislar zalida “Farg‘ona sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi, viloyat davlat bojxona boshqarmasi, viloyat DSENM, Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat soliq boshqarmasi, Farg‘ona viloyati O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, viloyat veterenariya boshqarmasi, hamda viloyat iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mas’ullari qatnashdilar.
Xalqimiz oldida ishonchni qozonish, tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishda sustkashlik, tovlamachilik, ularni ovora qilish kabi har xil to‘siqlarni bartaraf etish kerak, – deydi “Farg‘ona sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi direktori Alisher Abdullayev. – Davlat idorasiga murojaat qilgan fuqaro va tadbirkorlarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan nafrat tuyg‘usiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Bu bilan tadbirkorlarga Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosatlari natijasida vujudga kelayotgan imtiyozlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida targ‘ibot qilish orqali yetkazish muhim. Buning natijasida tadbirkorlar yanada ko‘tarinki kayfiyat bilan Vatanimiz rivoji yo‘lida o‘z burchlarini his etgan xolda yangidan yangi loyihalarni amalga oshirishlari va ko‘plab investitsiyalarni kirib kelishi va eng muhimi xalqimizning ehtiyojlariga, mahsulot sifatga va xavfsizligiga katta ahamiyat qaratiladi.