Xorazm sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda ikkala tashkilot xodimlari va kichik-biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishdi.
Bojxona boshqarmasi binosida o‘tkazilgan mazkur seminarning asosiy maqsadi davlatimiz rahbarining “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 12 dekabrda qabul qilingan PQ-4059-son qarori mazmun va mohiyati keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.
– Ushbu qarorda tadbirkorlarga yaratiltgan qulayliklar alohida bayon etilgan, – deydi Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muxtor Urazaliyev. – Qarorda belgilanishicha, davlat ulushi 50 foizdan ko‘p miqdorda bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiradigan Respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, ularning ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xomashyo va materiallar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi.
Xorazm SSM DK direktori Alisher Xudayberganov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi qaror mohiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga, ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlash huquqi berildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.