O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida 2019-2021 yillarda 42 ta texnik reglamentni ishlab chiqilishini ko‘zda tutadigan texnik reglamentlarni ishlab chiqish bo‘yicha Dastur tasdiqlandi.
Texnik reglamentlar – inson hayoti va sog‘lig‘i, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlat mol-mulki xavfsizligini, shuningdek atrof-muhit muhofaza qilinishini ta’minlash maqsadida qabul qilinadi.
Mazkur Dastur doirasida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo va yuvish vositalari, bolalar uchun o‘yinchoqlar, parfyumeriya, lak-bo‘yoqlar, mebellar va boshqalar kabi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iqtisodiyet sohalari uchun texnik reglamentlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, texnik reglamentning talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hamda mahsulot uchun barcha xavfsizlik talablarini bitta xujjatda o‘z ichiga oladi, bu esa ishlab chiqaruvchilarga mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlashga qulaylik yaratadi.
Texnik reglamentlarni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar, Osiyo (Yaponiya, Koreya) va Yevropa (Yevropa ittifoqi) mamlakatlarining tajribasini o‘rganish asosida amalga oshiriladi. Reglamentlarda iste’molchilarning kasalliklardan, jiddiy asoratlari va shikastlanishlarini, toksikologik ko‘rsatkichlari, zararli moddalar mavjudligi, jarohatlarning oldini olish va boshqalar bo‘yicha cheklovlar belgilanadi.
Shuningdek, texnik reglamentlar talablarini amalga oshirish uchun korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatishni ta’minlash va ushbu texnik reglamentlarga asosan xavfsizligi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni sertifikatlash hamda ularni monitoring qilish nazarda tutilgan.
Axborot xizmati