“Odob shunday tojki-poku beg‘ubor,
Boshingga qo‘yginu, qayga borsang, bor”!
“Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldur”
Donishmand bobolarimizning bu kabi o‘gitlari bir necha yuz yillar o‘tsa ham, o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Zero, insoniyatni yaxshiligu-ezgulikka, halollikka, adolat mezonlariga amal qilishlikka, odob-axloq qoidalariga tayanib ish ko‘rishlikka undaydigan har bir hikmatli tashbeh bugungi avlodlarni ham ma’naviy barkamollik sari yetaklayotgani bilan ham qadirlidir.
Yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayoni o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, har bir soha xodimidan o‘z ishiga fidoiylik bilan yondoshishni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga o‘z vaqtida javob berishni, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaratishga ko‘maklashishdek vazifalarni hal etishga undaydi.
Buning uchun davlat boshqaruvi idoralari xodimlari kundalik ish jarayonlarida odob-axloq me’yorlariga amal qilishlari, ta’magirlik illatlariga berilmasdan xalqimizni rozi qilishlari talab etiladi.
“O‘zstandart” agentligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-dasturiga asosan, «Odob-axloq qoidalari» masalalari yuzasidan navbatdagi seminar-trening Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi hamda Standartlashtirish metrologiya boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi yetakchi mutaxassisi N.Muxitov, Qarshi Davlat Universiteti ma’naviyat asoslari o‘qituvchisi Z.Boymurodov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakili B.Siddiqov, Kasaba uyushmasi kengashi, Qarshi shahar kegashi raisi M.Norova hamda huquqni muhofaza qilish xodimlari va ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdilar.
Seminarni o‘tkazishdan maqsad, xodimlar va mansabdor shaxslarni odob-axloq qoidalariga rioya etishlari, xizmatda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi taklif va tavfsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.
Axborot xizmati