Xalqimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi lozim. Hozirgi kunda mazkur tamoyilga asosan yurtimizning barcha hududlarida aholi va tadbirkorlarimiz uchun qulay imkoniyat va sharoitlar yaratib berilmoqda.
Buning natijasida ular o‘zlarini qiynayotgan muammo va murojaatlari bilan turli idora va tashkilotlarning eshiklarida ovorayu-sarson bo‘lib yurmaydilar. Savollar va muammolarga bir joyning o‘zida yechim topilmoqda.
Buxoro shahrida fuqarolar uchun davlat xizmatlari ko‘rsatish markazining yangi binosi ishga tushirilgani yuqoridagi mulohazalarimizning isboti.
E’tiborli tomoni shundaki, mazkur davlat xizmatlari idorasida Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi uchun ham joy ajratildi. Endilikda fuqarolar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishga oid muammolariga shu yerning o‘zida javob oladigan bo‘ldilar.