Har bir sohada axborot texnologiyalarini jadal ravishda joriy qilish o‘zining amaliy samarasini berishi hech kimga sir emas. Shu o‘rinda «O‘zstandart» agentligida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 17 apreldagi PQ-2336 qaroriga binoan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan maxsus axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Ushbu maxsus axborot tizimi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi vakolatli idoralarning xizmat ko‘rsatish faoliyatlarini elektron tarzda amalga oshirishga mo‘ljallangan va ushbu dasturni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy yilning oktabr oyida koreyalik mutaxassislar taklif qilinib, ular bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Axborot tizimi amaliyotga joriy etilishi natijasida, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatining oshishi va inson omilini qisqarishi tufayli korrupsiogen holatlarni keltiruvchi sabablarni oldini olishga erishiladi.
Amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 18 oktabrda KOICA ning O‘zbekistondagi Ofisi direktori Son Song Il, direktor o‘rinbosari Xan Song I xonim, hamda Koreya Respublikasi elchixonasi kotibi Kang Min So lar «O‘zstandart» agentligida bo‘lishdi.
Ular olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, ushbu maxsus axborot tizimini tez orada ishga tushirish bo‘yicha mutaxassislarga o‘z takliflarini bildirdilar.