O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar berganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimizga keldi. Ushbu tashrif yuzasidan Toshkentda O‘zbekiston - Rossiya I hududlararo hamkorlik forumi davom etmoqda. Ushbu keng ko‘lamli tadbirda “O‘zstandart” agentligi vakillari ham ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 19 oktyabr kuni Rossiya delegatsiya bilan O‘zbekistonga kelgan “Gruppa GMS” AJ va “IPF”, “SibNA” korxonasi vakillari “O‘zstandart” agentligiga tashrif buyurdi. Suhbat boshida Rossiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda forumning tashkil etilgani mamlakatlarimiz hamkorlik aloqalari katta salohiyatga ega ekanligini yaqqol ko‘rsatib turganligini ta’kidlashdi. Muzokaralar chog‘ida Rossiyalik ishbilarmonlar tomonidan O‘zbekiston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar (maishiy hisoblagichlar, rasxodomerlar, neft va gaz uskunalari, stendlar) to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Agentlik xodimlari tomonidan mahsulotlarni O‘zbekiston bozoriga olib kirishda metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida kerak bo‘ladigan hujjatlar to‘laqonli tanishtirildi. Rossiyalik ishbilarmonlarga O‘zbekistonda standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, metrologiya sohalari bo‘yicha keng qamrovli tushunchalar berilib, soha yo‘nalishlarida doim istiqbolli hamkorlik qilish uchun tayyor ekanliklarini bildirishdi.