Respublikamizda yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan,”O‘zstandart” agentligi hamda «Oila dvrasida» ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy gazetasi hamkorligida poytaxtimizning ayrim bozorlarida sotilayotgan daftarlardan namunalari tanlab olinib, ularning davlat standartlariga qanchalik mos kelishi tahlil qilinganda bir qator nuqsonlar borligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, Mamlakatimida ishlab chiqarilgan, hamda qo‘shni davlatlardan keltirilgan va ichki bozorda sotilayotgan 12 varaqli katak daftarlar, bir va ikki chiziqli daftarlardan namunalar olinib, me’yoriy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazining sinov laboratoriyalar majmuasida sinov jarayonlari o‘tkazildi.
Ming afsuski, Sinovlar natijalari ko‘ngildagidek chiqmadi. Masalan, tanlangan namunalar “O‘quv muassasalari uchun poligrafiya mahsulotlarining xavfsizligi bo‘yicha umumiy texnik reglament” hamda O’zDSt 2851:2014 me’yoriy hujjatida qo‘yilgan ayrim talablarga mos emasligi ko‘zga tashlandi.
Maktab daftarlarining standart talablariga mos kelmasligi, o‘quvchilar uchun qator noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Qog‘oz zichligining me’yoriy hujjat talablaridan past chiqishi, daftar varaqlarining chetlari buklanishiga, siyohlarning orqa varaqlariga o‘tishiga va varaqlarning tez yirtilib ketishiga olib keladi.
Daftar chiziqlarining ranglari va qalinligining me’yoriy hujjat talablariga mos emasligi esa o‘quvchilarning ko‘rish qobiliyatini zo‘riqishiga olib kelishi mumkin. Bu nomuvofiklar ushbu mahsulotlarning sifat va chidamlilik ko‘rsatkichlari past darajada ekanligini bildiradi.
Ayniqsa yozishni o‘rganayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining husni xatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni bilgan haridorlar ham bu kabi mahsulotlarni chetga surib, sifatli o‘quv qurollarini xarid qiladilar.
Xulosa qilib aytganda me’yoriy hujjat talablariga mos, sifatli va haridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish, birinchi navbatda tadbirkorlarning o‘zlari uchun foydalidir.
Hurmatli iste’molchilar, farzandingiz taqdiriga befarq bo‘lmang!
Axborot xizmati