11-12 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Termiz shahri va Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyati Xayraton shaharlarining “Shaharlararo hamkorlik uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv, Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan do‘stlik va birodarlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy, savdo, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida aloqalarni o‘rnatish maqsadida o‘tkazildi. Afg‘oniston Respublikasi Xayraton shahar delegatsiyasi tarkibida Xayraton shahar Meri, shahar meri o‘rinbosari, shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, shahar halq ta’limi bo‘lim boshlig‘i, shahar standartlashtirish agentligi boshqarmasi boshlig‘i, shahar transport bo‘limi boshlig‘i, Balx viloyati bojxona xizmati boshlig‘i, “ASTRAS” kompaniyasi boshqaruvchisi, “Aryana” televidiniyasi rahbarlari qatnashishdi.
Delegatsiya a’zolarini Surxondaryo viloyati va Termiz shahrining investitsion saloxiyatini namoyon etuvchi taqdimot bilan tanishtirildi, shundan so‘ng mehmonlar, “Kargo markazi” ga, “Afg‘on o‘quv markazi”ga, “Halqaro lager”ga, “Termiz ta’minot” MChJga, “Surxon Sendvich” panellari ishlab chiqarish maskaniga, “Mashhura” diagnostika markaziga, “Surxon ipagi” MChJga, Termiz shahar oftalmologiya markaziga, Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgoxiga, “Termiz Marvaridi” sanatoriyasiga, Termiz tumanidagi “Gold Dried Fruits Export” MChJga tashrif buyurishdi.
Shu jumladan, Surxondaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i G‘.Karimov va Surxondaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori F.Hamdamov ishtirokida Xayraton shahar standartlashtirish agentligi boshqarmasi boshlig‘i N.Ehsonullohni “Surxondaryo SSM” DKga taklif etdilar. Ushbu uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida standartlashtirish, sinov, metrologiya, sertifikatlashtirish sohalarida o‘zaro hamkorlik xususida tajribalar almashildi hamda markazdagi mavjud sinov va qiyoslash laboratoriyalar bilan yaqindan tanishtirildi.
Axborot xizmati