Birlashgan Millatlar tashkiloti har doim poraxo‘rlik - har qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazadigan jinoyat ekanligini eslatib turadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirda biror-bir mamlakat korrupsiyadan xoli emas. BMT ning Axborot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq holatlar sabab jahon iqtisodiyoti ayni paytda 2,6 trillion so‘m yo‘qotmoqda.
Albatta bunday raqamlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishi mumkin. Ammo bir haqiqat bor, bu ham bo‘lsa yurtimizda ta’magirlik, poraxo‘rlik illatlariga qarshi har qancha kurash olib borilmasin, afsuski bunday qabih jinoyatlarning soni kamaymayotgani har birimizni tashvishga soladi.
Achinarli tomoni shundaki, korrupsiya, ta’magirlik bilan bog‘liq jinoyalarni ayrim rahbarlar bila-turib sodir etayotgani yurtiga, vatanga va o‘z xalqiga nisbatan amalga oshirayotgan xiyonatdan boshqa narsa emas.
Muhtaram Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, xalqimizni hayotdan rozi qilish va davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak degan tamoyillari zamirida ham har bitta rahbarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishi ko‘zda tutilgan desak xato bo‘lmaydi.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan joylarda tizimli tashkil etilayotgan “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida o‘tkazilayotgan amaliy seminarlari tizim xodimlari orasida yuqoridagi kabi muoammolarni oldini olishga qaratilgan desak xato bo‘lmaydi.
Navbatdagi seminar Qashqadaryo Sinov va sertifikatlashtirish markazida tashkil etildi.
Seminar ishida “O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, “Respublika Sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi yetakchi mutaxasissi N.Muxitov,va yuriskonsult E.Raxmonov, Qashqadaryo Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i D.Rizayev, Qashqadaryo Sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori U.Amirqulov,hamda viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori F.Sultonov, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi, sudyaning katta yordamchisi M.Ochilova, viloyat ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tezkor vakili D.Bekmurodov,Savdo sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘.Po‘latovlar ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganligi, bu borada 2017 yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va Prezidentimizning 2017 yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Seminarga taklif qilingan mehmonlar so‘zga chiqib mavzu yuzasidan o‘zlarining mulohazalari va takliflarini bildirdilar. E’tiborli tomoni shundaki, uchrashuv davomida korrupsiya jinoyalari sodir etilishini oldini olish va yurtdoshlarimizni salbiy holatlarga tushib qolmasliklari aks ettirilgan videoroliklari ham namoyish etildi.
Seminar qiziqarli va savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Axborot xizmati