Har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lida g‘ov bo‘ladigan korrupsiya, ta’magirlik va poraxo‘rlik illatlariga qarshi keskin chora ko‘rmasa ko‘zlagan taraqqiyotga erisha olmaydi.
Mamlakatimizda so‘nggi ikki yil davomida olib borilayotgan islohotlar va bevosita taraqqiyotimizga soya solayotgan illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlangan reja-dasturiga asosan respublikamizning barcha hududlarida “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida amaliy davra suhbatlari tashkil etib kelinmoqda.
Buxoro Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi va Sinov va sertifikatlashtirish markazining tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbati ko‘pchilikda yaxshi ta’surot qoldirdi.
Sinov va sertifikatlashtirish markazi binosida tashkil etilgan davra suhbatiga Buxoro viloyati prokuraturasi, ichki ishlar, jinoyat ishlari bo‘yicha sudi va adliya boshqarmasi hamda savdo-sanoat palatasidan vakillar taklif etildi.
Shuningdek seminar ishida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining matbuot kotibi A.Rasulov, yuristkonsult E.Raxmonov va Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi bosh mutaxassisi N.Muxitovlar ishtirok etdilar.
Seminar davomida so‘zga chiqqanlar korrupsiyani oldini olish va bu borada e’tibor beriladigan jihatlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Uchrashuv so‘nggida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Axborot xizmati