Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari mamlakatimizda mustahkam bilimga ega, O‘zbekistonning bugungi tashqi va ichki siyosati yo‘nalishlarini tushunadigan, tahlil eta oladigan yosh va tashabbuskor kadrlar tayyorlashning yangi bosqichini boshlab berdi.
Shu maqsadda, “O‘zstandart” agentligida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, xodimlarni soha yo‘nalishlarida bilim va tajribalarini oshirish, xorijiy davlatlarda malaka oshirib boy tajribaga ega bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratilgan.
2018 yilning yarim yillik yakunlari “O‘zstandart” agentligining xalqaro aloqalar bo‘yicha faoliyati uchun samarali keldi. Shu kunga qadar 170 ga yaqin xodimlar soha yo‘nalishlarida dunyoning eng ilg‘or davlatlarida tajriba oshirishdi.
Hozirgi kunlarda 50 dan ortiq tizim xodimlari Xitoy Xalq Respublikasining “Bir mintaqa - Bir makon” grant dasturi, Latviyaning “BIOR” ilmiy tadqiqot instituti bilan tuzilgan hamkorlik dasturi orqali Xitoy va Latviya davlatlarida xorijiy tajriba oshirishmoqda.
Tajriba almashish davomida agentlik xodimlari uchun sohaga oid mavzular yuzasidan turli xildagi mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Pekin, Changjou, Riga shaharlaridagi ilmiy markazlariga safar uyushtirilib, o‘zbek madaniyati va urf-odatlari, hamda mamlakatimiz standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimi sohasida taqdimotlar o‘tkazishdi.
Ushbu xalqaro o‘quv-seminar qatnashuvchilariga tadbir yakunida xalqaro darajadagi sertifikatlar beriladi. Ular joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladigan o‘quv-seminarlarda trener sifatida ishtirok etib, xorijda olgan bilim va ko‘nikmalarini hamkasblariga o‘rgatishadi.
“O‘zstandart” agentligi, xalqaro munosabatlar boshqarmasi tomonidan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimiga zamonaviy va ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida kelgusida ham bu kabi hamkorlik aloqalari davom ettiriladi.
Axborot xizmati