Yoshlarning aqliy salohiyati, ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos. Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, ayniqsa yosh avlodni mutolaaga undash kabi vazifalar islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy salohiyati, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazining tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi ma’naviyat soatining mavzusi – “Kitobxonlik madaniyatini oshirish – davr talabi»ga ba-ishlandi.
Uchrashuvni markaz direktori U.Amirqulov kirish so‘zi bilan ochib, Respublikamizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida badiiy adabiyotga qiziqishlarini oshirish, shuningdek insonlarda turli diniy oqimlar, terrorizm, diniy ekstremizm va boshqa xalqimizga yot g‘oyalarga qarshi tushunchalarni shakllantirish maqsadida turli ma’naviy tadbirlar, eng ilg‘or kitobxon xodim to‘g‘risidagi tanlovlar, kitob yarmarkalari o‘tkazib kelinayotganligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Shu kuni markazda “Qashqadaryo ko‘zgusi nashriyoti va kitob savdosi media markazi” UK bilan hamkorlikda “Kitobxon jamoa” shiori ostida bir kunlik kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Unda barcha markaz xodimlari va ularning oila a’zolari ishtirok etdilar.
Yarmarkada mamlakatimizning «Adolat», «Sharq» va «O‘qituvchi» singari yetakchi nashriyotlarining 150 dan ortiq nomdagi ilmiy va badiiy nashrlari, bolalar adabiyotlari taqdim etildi. Yarmarka doirasida taqdim etilgan bir qator adabiyotlar, jumladan Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev asarlari, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi, taniqli adiblarimiz Abdulla Oripov, Tohir Malik va Shukrullo asarlari va boshqa adabiyotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yarmarka yakunida ishtirokchilar tomonidan ko‘plab adabiyotlar xarid qilindiki, bu ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Zero yozuvchi Asqad Muxtor aytganidek, “Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, o‘qilgani”. Shunday ekan, har qanday kitobni sotib olib tokchaga qo‘yish emas, balki uni bir bor mehr bilan o‘qisak maqsadimizga erishgan bo‘lamiz, farzandlarimizni barkamol avlod qilib tarbiyalay olamiz.