2018 yil may oyining so’ngida Radisson Blu mehmonhonasida GlobalG.A.P standarti "GLOBALG.A.P. IFA VERSION 5 CAPACITY BUILDING & FARM ASSURER WORKSHOP" bo'yicha kansultatlar va auditorlarni tayyorlash uchun trening o'tkazildi. Trening GIZ dasturining "Markaziy Osiyoda savdo-sotiqqa ko'maklashish" dasturi yordamida GLOBALG.A.P kotibiyati tomonidan uyushtirildi.
Yaxshi qishloq xo'jalik amaliyotining GLOBALG.A.P. standarti meva va sabzavotlarni rivojlangan mamlakatlar bozorlariga eksport qilishning eng asosiy standartlaridan biri hisoblanadi. Bu dunyodagi fermerlar, chakana va iste'molchilar uchun xavfsiz va barqaror qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini ta'minlashga qaratilgan xalqaro e'tirof etilgan standartdir.
Treningda O'zbekiston va Qozog'istonning "O'zstandart" agentligi, sertifikatlashtirish organlari va konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar. Trening ishtirokchilari GLOBALG.A.P. tizimida sertifikatlashtirish tartib-qoidalari bilan bir qatorda meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi fermalar uchun standartlar talablari bilan tanishdilar. GLOBALG.A.P standartini joriy etish va sertifikatlashda amaliy ko'nikmalarni rivojlantirish uchun Toshkent viloyatidagi fermer xo'jaligida amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.
Ushbu trening GLOBALG.A.P tizimida litsenziyali xizmat ko'rsatuvchi provayder maqomini olish uchun malakaviy talablardan biridir. Trening ishtirokchilari GLOBALG.A.P standartini joriy etish va rag'batlantirishda Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilariga yordam beradilar.