Unda jurnalistlar uchun “Respublikamizda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng joriy etish va sanoat mahsulotlarini xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashtirishni xalqaro darajada tan olinishida milliy organlarning o‘rni” mavzusi yuzasidan to‘liq ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, hamda “O’zbek Turk Test Markazi” qo‘shma korxonasi direktori M.Hamzayev va bir qator mas’ul xodimlar ishtirok etdilar.
Dastlab OAV lari xodimlariga qo‘shma korxona faoliyatidagi ustivor yo‘nalishlar va mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlari xususida ko‘rgazmali ma’lumotlarning taqdimoti tashkil etildi.
Respublikamizda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish, mahsulot va xizmatlarni xalqaro standart talablariga asosan muvofiqligini baholash maqsadida «O‘zstandart» agentligi va Turk Standartlari institututi hamkorligida yangi zamonaviy jihozlangan hamda xalqaro talablarga to‘la javob beruvchi «O`zbek-Turk Test Markazi» tashkil etilgan.
Hozirgi kunda «O`zbek-Turk Test Markazi»qo‘shma korxonasida:
- Mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasi (SI);
- Sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi;
- Sinov laboratoriyalari majmuasi (SLM) faoliyat yuritib kelmoqda.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasi
- yengil sanoat mahsulotlari (to‘qimachilik va poyafzal mahsulotlari, bolalar o‘yinchoqlari va kolyaska, idish-tovoq mahsulotlari, mebel, sport anjomlari va inventarlari);
- elektrotexnika mahsulotlari (xo‘jalik elektr jihozlari, kichik kuchlanishdagi elektr apparatlari, svetotexnika mahsulotlari, akkumulyatorlar va elektr texnologik jihozlar);
- mashinasozlik mahsulotlari (jo‘mraklar, klapanlar, qozonlar, velosipedlar, rezinali shlanglar va filtrlar) kabi mahsulot turlari sertifikatlashtirilmoqda.
Sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi
Xizmat ko‘lamini oshirish maqsadida, qo‘shma korxona tarkibida sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi tashkil etildi, hamda ushbu sertifikatlashtirish idorasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning xalqaro tan olinishini ta’minlash maqsadida, Xalqaro akkreditatlash forumi (IAF) a’zosi hisoblangan Turkiya akkreditatlash tashkiloti (TURKAK) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hozirda idora tomonidan ISO 9001:2015 halqaro standartiga 70 dan ziyod korxonalar sertifikatlashtirildi.
Sinov laboratoriyalari majmuasi (SLM)
Akkreditatlangan Sinov laboratoriyalari majmuasi (SLM) tarkibida zamonaviy xalqaro standart talablari asosida jihozlangan quyidagi sinov laboratoriyalari mavjud:
- to‘qimachilik va poyafzal mahsulotlarini sinash laboratoriyasi;
- elektr-xo‘jalik mollari va kichik kuchlanishdagi apparatlarni sinash laboratoriyasi;
- o‘yinchoq va turli xildagi idish-tovoq mahsulotlarini sinash laboratoriyasi.
Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlarining sifatini xalqaro standartlar talablari asosida sinash va sinov natijalarining xalqaro tan olinishiga erishish maqsadida “To‘qimachilik mahsulotlarini sinash laboratoriyasi” Turkiyaning akkreditatlash tashkiloti (TURKAK) tomonidan ISO 17025 «Sinov va kalibrlash kompetentligiga qo‘yilgan umumiy talablar» halqaro standarti talablariga muvofiq akkreditatsiya qilindi.
“To‘qimachilik mahsulotlarini sinash laboratoriyasi” xalqaro akkreditatsiya guvohnomasiga muvofiq quyidagi sinovlarni xalqaro sinov metodlariga ko‘ra amalga oshiradi:
- ISO 2060 “iplarning chiziqiy zichligi”;
- ISO 2062 “iplarning uzilish kuchi, uzilishdagi uzayish”;
- ISO 2061 “iplarning buramlar soni”;
- ISO 16549 “iplarning diametri bo‘yicha notekisligi, hamda 1000m uzunlikdagi qalin, ingichka va nuqsonlar soni”;
- ISO 12863 “iplarning tukliligi fotoelektrik usul” yordamida sinovlarni amalga oshirmoqda.
TURKAK Yevropa akkreditatsiya tashkiloti - EA, Xalqaro akkreditatsiya forumi - IAF va Laboratoriyalarni xalqaro akkreditatsiya qilish qo‘mitasi – ILAS kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo. Bu esa «O'zbek-Turk Test Markazi» qo‘shma korxonasi sifat menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi va sinov laboratoriyasining mustaqilligi va xolisligini ta’minlab, berilayotgan muvofiqlik sertifikatlari va sinov bayonomalari natijalari nafaqat ichki bozorlarda balki jahon bozorlarida tan olinish imkonini bermoqda.
Halol belgisi ostida mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish
Qo‘shma korxona o‘z faoliyatida yuqoridagilar bilan chegaralanib qolmay, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 noyabrdagi «Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3377-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikamizda “Halol” standartlarini qabul qilish, korxonalarga joriy qilish va “Halol” belgisi ostida mahsulotlarni sertifikatlashtirish ishlari “O‘zstandart” agentligi nomidan Turk standartlari instituti (TSE) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Halol oziq-ovqat mahsulotlari – halol standartiga muvofiq islom qoidalari va me’yorlariga binoan iste’molga ruxsat etilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar.
Islom hamkorlik tashkilotining (OIC), Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC)ga a’zo bo‘lgan, hamda Halol sertifikatlashtirish sohasida boy tajribaga ega Turk standartlari instituti (TSE) texnik ko‘magi ostida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Birinchidan, “Halol” standartini joriy etishning ahamiyati va xalqaro savdodagi o‘rni” mavzusida xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi va seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, «O‘zbekoziqovqatzaxira», «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishdi.
- Ikkinchidan, ushbu ishlarni samarali davomi sifatida joriy yilning fevral oyida sertifikatlashtirish idoralarining 20 nafar mutaxassislariga “Halol” standarti talablariga muvofiq mahsulot va xizmatlarni Halol belgisi ostida sertifikatlashtirish talablar bo‘yicha 5 kunlik o‘quv kursi tashkil etildi.
- Uchinchidan, hozirda qo‘shma korxona tomonidan 20 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarining murojaatiga muvofiq ularni mahsulotlarini “Xalol” belgisi ostida sertifikatlashtirish maqsadida, korxonalarda Halol standartini joriy qilinishi, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalariga “Halol” standartini talablari va ayrim turdagi mahsulotlarni davriy sinovlarini amalga oshirishda sinov laboratoriyalarini tashkil etish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda “Halol” standartini joriy qilishning asosiy me’zoni hisoblangan ISO 22001 “Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi bo‘yicha boshqaruv tizimlari” xalqaro standartini korxonaga joriy qilishda amaliy yordam berib kelmoqda.
Turk standartlari instituti (TSE) mutaxassislarini jalb etgan holda qo‘shma korxonada Halol sertifikatlashtirish idorasi tashkil etilmoqda va Islom hamkorlik tashkilotining (OIC), Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC) doirasida Turkiyaning Istanbul shahrida ochilayotgan Halol akkreditatsiya tashkilotidan akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani nihoyasida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berildi.