Odatda Surxondaryo zamini haqida gap ketgudek bo‘lsa, darhol ko‘z o‘ngimizda janub quyoshi taftidan quvvat olgan, mard va tanti, fidoiy, yurt-millat rivoji uchun ter to‘kib mehnat qilayotgan insonlarning qiyofalari gavdalanadi.
Ayniqsa, tabarruk zamini va yuzlab allomalarning beshigini tebratgan tabiati, ming yillardan buyon yuksaklik ramziga aylangan purviqor tog‘lari, shifobaxsh suvlari, aziz ziyoratgohlari har bir mehmonning e’tiborini tortishiga shubha yo‘q.
Shu bois, Surxondaryoga tashrif buyurayotgan har bir yurtdoshimiz bu zaminga ehtiyot bo‘lib qadam bosishi lozim.
Xizmat safarimiz bois hamrohim Saidoqil Maqsudov bilan joriy yilning 11-12 may kunlari viloyatning Uzun tumanida xalqimiz vakillari bilan uchrashuvda bo‘ldik. Sayyor qabul bahonasida Denov, Sariosiyo, va Oltinsoy tumanlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamsuhbat bo‘lib, ularning faoliyatlarida uchrayotgan katta-kichik muammolari bilan qiziqdik.
Ayni daladagi ishlar qizg‘in bir paytda ularning vaqtlarini ko‘pam band qilgimiz kelmadi. Ammo shunday bo‘lsada Sayyor uchrashuvimiz taxminan ikki soatlar davom etdi.
Ham sayohat, ham ziyorat deganlaridek, uchrashuvdan so‘ng Denov tumanidan ellik chaqirimlar keladigan Sangardak momo sharsharasi majmuasini borib ko‘rish va u yerni ziyorat qilishni niyat qildik.
Xalqimizda “yuksaklikni ko‘ray desang toqqa chiq, kengliklarni his qilmoqchi bo‘lsang cho‘lga bor” degan hikmatli gapi bejiz aytilmagan ekan. Bir tomonda Sangardak daryosi, ikkinchi tomonida esa yastanib yotgan oqsoch tog‘lardan iborat bo‘lgan bunday kengliklar beixtiyor e’tiborimizni tortdi.
Onalarimiz kabi mehribon, samimiy va qilgan yaxshiliklarini minnat qilmaydigan tabiat ne’matlari barchamizni qalblarimizga musaffo havoni olib kirdi. Ayniqsa, baland tog‘ bag‘ridan qaynab chiqayotgan Sangardak sharsharasi va bu yerni ziyorat qilayotganlarni ham xursandchiliklari bizga ham ko‘chdi. Bizni xursand qilgan narsa shu bo‘ldiki, avvallari bu yerlarda sharsharaga chiqish biroz muammo bo‘lar edi. Endilikda sharsharaga olib chiqiladigan yo‘laklar qilinib, temir ustunlar yordamida mehmonlar osonlik bilan balandlikka chiqish imkoniyatlarni yaratilgani bo‘libti.
Tabiatning tabiiy ovozi ruhiyatimizni tiniqlashtirdi. Ayniqsa hozirgi kunda yer sayyorasida odamzod uchun toza havo va toza ichimlik suvi katta muammoga aylanib borayotgan bir davrda, jona-jon yurtimizning musaffo tabiati, buloq suvlari barchamizda shukronalik hissini yanada oshirdi.
Hamrohlarimiz Surxondaryo Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i G‘ayratjon Karimov va Sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori Furqatjon Hamdamovlar bizni Sangardak sharsharasidan so‘ng, bu yerdan unchalik ham olis bo‘lmagan xushmanzara Sangardak qishlog‘iga taklif qildilar.
Haqiqatdan ham musaffo havosi, so‘lim tabiati bilan mashhur Sangardak qishlog‘i rostdan ham mo‘’jizalar makoniga o‘xshaydi. Bu yerda qad rostlagan zamonaviy mahalla guzari, maktab va yozgi dam olish maskanlari har qanday insonning havasini keltirishi tabiiy.
Yurtimizga xizmat qilayotgan fidoiy insonlarning sayi-harakatlari bilan bu yerlarda yanada yangi manzillar barpo etilishi va eng muhimi eko turizmni rivojlantirish loyihalari ustida ishlar olib borilayotganligini eshitib xursand bo‘ldik.
Safarimiz davomida xushmanzara go‘shalarga mahliy bo‘lib, oqshom tushganligini ham payqamay qolibmiz. Ajib bir sokinlik, bir vaqtning o‘zida o‘nlab sayroqi qushlar go‘yo o‘zaro musobaqalashayotgandek birvorakayiga sayraydilar.
Bizning nazarimizda ularning ichida bulbulning ovozi baribir boshqalarnikidan ajralib turdi. Oqshom qo‘ngach yonginamizdan oqayotgan Sangardak daryosining ovozi va shiddatli ovozi tong otguniga qadar eshitilib turdi.
Tog‘larning bir necha irmoqlaridan kuch olib, so‘ngra qudratli daryoga aylangan Sangardakning suvlari viloyatning Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlari yerlariga obi-hayot bag‘ishlaydi.
“Yurgan daryo, o‘tirgan buyuro” deganlaridek, ikki kunlik safarimiz ta’surotlarini baholi qudrat qog‘ozga tushirishga harakat qildik.
Zero, xalqimizning ishonchi va ertangi kunlar umididan kuch olib rivojlanayotgan hayratlarga boy yurtimizga ko‘z tegmasin. Biz tilga olgan xushmanzaro go‘shalarni O‘zbekistonimizning har bir qarich yeridan topish qiyin emas.
Abdurauf Rasulov.
“O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmati rahbari.