“Tibbiyotda qo‘llanadigan laboratoriya va diagnostika uskunalarining metrologik nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasalari xodimlari uchun seminar tashkil etildi.
Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazi – davlat korxonasining “O‘lchash vositalari ustidan davlat metrologik tekshiruv” bo‘limi 1-toifali mutaxassisi F.B.Ibragimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi 112-sonli qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Andijon Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi O.Umarov, 2017 yil 22 avgustda Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash vositalari ro‘yxati bilan seminar qatnashchilarni tanishtirdi hamda ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilgan o‘lchash vositalari majburiy davlat nazorati va tekshiruviga tadbiq etilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu qarorda ko‘rsatilgan o‘lchash vositalari davriy qiyoslovdan o‘tkazilmagan holda foydalanilganda, amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida yi-ilganlarga ma’lumot berdi.
Andijon mashinasozlik instituti “Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti” kafedrasining 2-bosqich magistranti V.X.Nishonov “Tibbiyot o‘lchov vositalarini metrologik xizmatini tashkil etish to‘g‘risida” tayyorlagan prezentatsiyasida xalqaro standartlarda keltirilgan namunalarga asosan, ularni texnik xossalarini va yo‘riqnomasini ifodalovchi “Injeneriya pasporti” va texnik ko‘rik natijalarni rasmiylashtirish yuzasidan bir qator takliflar berib o‘tdi. Ma’ruzaga seminar ishtirokchilari tomonidan ijobiy xulosalar berilib, texnik vositalarni nazorat qilish yuzasidan o‘z takliflarini berdilar.
Andijon viloyati Salomatlik-3 loyixasi direktori G‘.M.Teshaboyev “Zamonaviy tibbiy texnikalardan unumli foydalangan xolda aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Tibbiyot tashkilotlariga keltirilayotgan zamonaviy, ko‘p funksiyali tibbiyot o‘lchash vositalarining afzalligi hamda ularni davlat qiyoslovidan va sinovlaridan o‘tkazish aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishning asosiy omili ekanligini o‘z ma’ruzasida ta’kidlab o‘tdi. Eski, ma’nan eskirgan tibbiy o‘lchash vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, ularni ta’mirlash, yaroqsiz xolatga kelgan tibbiy o‘lchash vositalarini muomaladan chiqarish yuzasidan yig‘ilganlarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Yig‘ilishi yakunida mavzuga oid savol va takliflar eshitilib, mutaxassislar tomonidan atroflicha javob va tavsiyalar berildi. Seminar baxs va munozaralar asosida qizikarli tarzda yakunlandi.