Buxoro Sinov va sertifikatlashtirish markazining tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligining “Xo‘ja Tadband” jome’ masjidi imom xatibi A.Ashurov taklif etildi.
Ma’naviyat soatini Buxoro Sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Muxtorov kirish so‘zi bilan ochib, mazkur uchrashuvning maqsadi va mohiyati eng avval xodimlar o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash va ular orasida ijobiy muhitni shakillantirishga qaratilganini takidlab o‘tdi.
Shuningdek har bir xodim o‘zi mehnat qilayotgan jamoadagi hamkasblari va doimiy yashab kelayotgan mahalladoshlari bilan samimiy qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashi zururligiga urg‘u berildi.
Dunyoda yashagan har bir inson biladi-ki, insonga qo‘shnidek asqotadigan biron kimsa yo‘q. Ota-bobolarimiz: “Uy olma, qo‘shni ol” deganlar. Qo‘shni uyga qaraganda juda muhimdir. Yana ota-bobolarimiz: “Qo‘shni qo‘shnining kuliga muhtoj”, “Qo‘shning tinch-sen tinch” deganlar va bu so‘zlarning mezonlarini Qur’ondan olganlar.
Quyidagilar qo‘shnichilik haqlaridan ekanligi hadislarda zikr qilingan. Qo‘shni yordam so‘rasa, yordam berish, qarz so‘rasa qarz berish, bemor bo‘lsa holini so‘rash, qo‘shniga biror yaxshilik yetsa tabriklash, biror musibat yetsa, ta’ziya bildirib, tasalli berish, qo‘shni olamdan o‘tsa janozasida qatnashish, u rozi bo‘lmasa, uyining devorini uning uyi devoridan baland qilmaslik, tansiq taomlar pishirganda qo‘shniga ham ulashish, qo‘shni biror joyga ketganda uyi va manzilidan xabardor bo‘lish va saqlash, chaqirsa javob berish, qo‘shnichilik haqlaridandir.
Borini qo‘shnilar bilan baham ko‘rish, qo‘shnida bor narsadan ta’ma qilmaslik qo‘shnichilikning chiroyli bo‘lishi sabablaridandir. Qo‘shnichilik chegarasi haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bilingki, qirq hovli qo‘shnidir”, deganlar. Ulomalarimiz bu hadisni sharhlab: “Oldi tomondan qirq hovli, orqa tomondan qirq hovli, o‘ng tomondan qirq hovli, chap tomondan qirq hovli, qo‘shnidir” deganlar.
Musulmonchilikda qo‘shni haqqi mana shunday ulug‘dir. Musulmon kishi bu haqlarni to‘g‘ri tushinib, unga amal qilib, chiroyli qo‘shnichilik qilmog‘i, mehr oqibatli bo‘lmog‘i lozimdir.
Ma’navyat soati yakunida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.