Donishmandlarning shunday bir hikmatli o‘giti bor. “Orifning qalbidek keng va katta bo‘lgan narsa yo‘qdir. Yer va osmonlar orifning qalbiga nisbatan bir nuqta kabidir. Bu jihatdan, Alloh: “Yer va osmonlarga sig‘madim, mo‘min bandaning qalbiga sig‘dim”, deb aytgan ekan.
Demak, insonning qalbi bepoyon va nozik bir xilqat deb tushunsak xato bo‘lmaydi. Uni ma’naviyat va ma’rifat nurlari bilan oziqlantirib turilsa, o‘z sohibini hamisha ezgulik sari boshlaydi.
Insonning kamolotida ma’naviy ta’limning beqiyos o‘rni bor. Shu ma’noda “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimovning tashabbusi bilan haftaning juma kunlari tashkil etib kelinayotgan “Ma’naviyat soat”larida ko‘plab xalqimizning ardog‘idagi insonlarning taklif etilayotgani o‘zining ijobiy natijalarni bermoqda. Bundan agentlik xodimlari bir olam ma’naviy ozuqani olmoqdalar.
Navbatdagi uchrashuvga “Hilol” nashr majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Yusuf hazratlari taklif etildi.
Ma’naviyat soatida “O‘zstandart” agentligi xodimlari ishtirok etdilar. Mazkur uchrashuvda Ismoil Muhammad Yusuf hazratlari so‘z olib, ma’naviy komillik, odob-axloq, ishga munosabat, fidoiylik bilan mehnat qilishning hikmatlari, vatanparvarlik g‘oyalarining inson uchun foydali jihatlari xususida batavfsil ma’ruza qildi.
Ma’rifiy uchrashuv nihoyasida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.