2018 yil 4 aprelda «O’zstandart» agentligida Frantsiyaning «Byuro Veritas» (BUREAU VERITAS) kompaniyasi vakillari: hududiy direktorlar Attila Onat, Ruslan Daminov va katta Vitse-prezident Indji Dogusan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: «Byuro Veritas» kompaniyasi 1828 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘lchovlar, inspektsiya va sertifikatlashtirish sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya sertifikatlashtirish, sanoat auditi, texnik inspektsiya, teknik nazorat sohasilarida xizmat ko‘rsatadi.
Uchrashuvda agentlik tomonidan «O’zstandart» agentligining Bosh direktori va xodimlari, shuningdek «O’zbekiston milliy mentrologiya instituti» davlat korxonasi («O’zMMI» DK) va «Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi» davlat korxonasi («RSSM» DK) rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuvda «Byuro Veritas» kompaniyasining faoliyati to‘g‘risida, xususan qoida va standartlarga amal qilish, xavflarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashishning innovatsion yechimlari to‘g‘risida axborot taqdim etildi, shuningdek taqdimot o‘tkazildi.
O’z navbatida «O’zMMI» DK va «RSSM» DK xodimlari metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma o‘lchash (kalibrlash) va sinash laboratoriyalarini yaratish uchun istiqbolli loyihalar to‘g‘risida prezentatsiya ko‘rinishida axborot taqdim etishdi. Uchrashuv borasida «Byuro Veritas» kompaniyasining vakillari tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni, shu jumladan texnik hamkorlik va texnik vositalarning elektr magnit mos keluvchanligi parametrlarini o‘lchash/sinash bo‘yicha qo‘shma laboratoriya yaratish hamda amalga oshirilishi 2018-2019 yillarga rejalashtirilgan, o‘lchash funktsiyalariga ega tibbiy texnikaning metrologik tekshiruvdan va davriy sinovdan o‘tkazish loyihalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Ko‘rsatilgan loyihalar doirasida «O’zMMI» DK va «RSSM» DK negizida laboratoriya yaratilishi, zamonaviy o‘lchash va sinash uskunalari bilan jihozlanishi, mutaxassislarning malakasini oshirish, o‘qitish (stajirovka), ilmiy seminarlarda ishtirok etish, shuningdek xalqaro talablarga asosan SYe markirovkasini qo‘llash bo‘yicha birgalikda ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida metrologik tekshiruv va sinovlarning yangi usullari o‘zlashtirilib, bu o‘z navbatida O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va respublika hududiga olib kiriladigan mahsulot sifatining yaxshilanishini ta’minlaydi.
J-b Attila Onat «BureauVeritas» kompaniyasi va «O’zstandart» agentligi o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatishga va barcha faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra Byuro Veritas va «O’zstandart» agentligi «O’zbekiston milliy metrologiya instituti» DK o‘rtasida metrologiya va o‘lchashlar birliligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O’zaro anglashuv memorandumi imzolandi.