Ayni kunlarda yurtimiz bo'ylab Navro'z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Xalqimiz hayotidagi muhim sanalar, bayramlar orasida Navruz o'zida qadimiy va urf odatlarimiz, mehr oqibat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etishi bilan ajralib turadi. Bir necha ming yillik tarixga ega ushbu bayram ajdodlarimiz tomonidan sharqona yangi yil sifatida keng nishonlanib kelgan. Xalqimiz bahorni, ayniqsa Navro'zni ko'tarinki ruhda qarshi oladi. Buni shoirlarimiz ijodida ham kuzatish mumkin.
Bahor senikidir,
Yugur entikib,
Yugur adirlarning lolazoriga.
Men esa quvonay ko'zimni tikib,
Tog'larning hayotbaxsh, toza qoriga.
Ushbu satrlar muallifi xalqimizning buyuk ijodkori “O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi” matni muallifi, O'zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi Respublika davlat mukofoti lauriyati, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ham aynan Navruz ayyomi kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumani Nekuz qishlog'ida tavallud topgan. Agarda shoir bugun hayot bo'lganlarida 77 bahorni qarshi olgan bo'lar edi.
Abdulla Oripovning ijodini bilmagan, uning she'rlarini yod olmagan biror bir yurtdoshimiz hamda kitoblari kirib bormagan biror o'zbek xonadoni bo'lmasa kerak. Buyuk shoir ijodi bilan yaqindan tanishish va tavallud topgan kuni arafasida uning xotirasini yod etish maqsadida 2018 yilning 16 mart kuni navbatdagi Ma'naviyat soati buyuk adibni yod etish uchun "Xotira - abadiy, qadr - muqaddas" mavzusida o'tkazildi. Bugungi mavzu yuzasidan Qashqadaryo standartlashtirish metrologiya boshqarmasi va Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi xodimlaridan jami 35 nafari Qarshi shahrida bunyod etilgan Abdulla Oripov nomidagi maktab-internatida bo'lishdi. Mazkur maktab 2017 yil 24 mayda Vazirlar Mahkamasining “Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to'g'risida”gi 312-son Qaroriga asosan tashkil etildi.
Tadbir davomida xodimlar avvalo mazkur maktabda shoir ijodiga bag'ishlab tashkil etilgan muzeyda bo'lib u erda saqlanayotgan eksponatlar bilan tanishib chiqdilar. Muzeyda shoirning yoshlik davrlarini aks ettiruvchi, oila a'zolari bilan tushgan fotosuratlari, ijodkorlar davrasida hamda muhim tadbirlarni o'zida aks ettiruvchi boshqa fotosuratlarini ham tomosha qilish mumkin. Abdulla Oripov ijodiga mansub bo'lgan uning bir qancha she'rlar to'plamlaridan namunalar hamda shoirning halqimizni chet el adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirish maqsadida o'zbek tiliga tarjima qilgan bir qancha asarlaridan ham namunalar saqlanmoqda. Jumladan U. Dantening “Ilohiy komediya” asari shular jumlasidandir. Shu bilan birga A.Oripov nomiga berilgan bir qancha davlat mukofotlari va uning o'ziga tegishli bo'lgan shaxsiy buyumlar ham ushbu muzeyda saqlanmoqda. Eng qiziqarlisi shoirning o'z dasxati bilan yozilgan O'zbekiston davlat madhiyasini qoralamalarini ham muzeyda ko'rishimiz mumkin.
Muzeyni tomosha qilish bilan birga xalq shoirining turmush o'rtog'i Xanifa aya bilan ham shu erning o'zida uchrashuv bo'lib o'tdi. Xanifa aya muzeyga qo'yilgan har bir eksponat bilan xodimlarni shaxsan o'zlari tanishtirib chiqdilar. U kishi tomonidan muzeydagi har bir buyumga berilgan ta'riflar orqali shoirning hayot yo'li va uning ijod yo'lidagi qiyinchiliklari, mehnatlari va erishgan yutuqlari to'g'risida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'lindi. Bu esa tadbir ishtirokchilarida katta taasurotlar qoldirdi. Mazkur maktabni aynan Qarshi shahrida tashkil etilishi ham davlatimiz tomonidan shoir A.Oripov ijodiga bo'lgan katta hurmat va ehtiromning belgisidir. Tadbir davomida maktabda tahsil olayotgan yosh o'quvchi o'g'il-qizlar o'zlarining ijod namunalaridan tashrif buyurgan mehmonlar uchun o'qib eshittirdilar. Albatta ularning ijodiga xodimlarimiz tomonidan zafarlar tilab qolindi. Maktabni tomosha qilib bolalar kelajagi uchun tashkil etilan barcha shart-sharoitlar bilan ham tanishib chiqdilar.
Tadbir so'ngida barcha xodimlar O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi, o'zbek xalqining sevimli shoiri, O'zbekiston qahramoni Abdulla Oripov xotirasiga bag'ishlanib Qarshi shahrida bunyod etilgan haykalini ziyorat qilib uning poyiga gullar qo'yishdi.