“O’zstandart” agentligida xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab tashkil etilgan ma’riiy tadbir shunday nomlandi.
Bahor va Ayol. Bu ikki muqaddas kalom har gal aytilganda va yozilganida beixtiyor ko‘z o‘ngimizda go‘zallik va latofat timsollari gavdalanadi.
Muhtaram xotin-qizlarimizda neki malohat, joziba, maftunkorlik kabi nafisliklar bo‘lsa, ularning barchasi bahor go‘zalliklaridan rang oladi.
Shundan xulosa qilsak bo‘ladiki, bahor fasli har qancha go‘zallikka boy bo‘lmasin, u bizning malohatli Ayollarimizning inju chiroylari oldida biroz xijolat chekadi.
Ayol bir qo‘li bilan beshikni tebratsa, ikkinchi qo‘li bilan esa, dunyoni tebratishga qodir bo‘lgan matonatli zotdir. Ayol deganda biz mehribon onajonlarimiz,opa- singillarimiz, sadoqatli va vafodor yorlarimizni ko‘z o‘ngimizga keltiramiz.
Shuning uchun ajdodlarimiz azal-azaldan Ayol zotiga juda katta hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lganlar.
“O’zstandart” agentligi tizimida ham o‘zining halol mehnati, namunali xulqi va odobi bilan hurmatga sazovor bo‘lib kelayotgan xotin-qizlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida “O’zstandart” agentligi Bosh direktori A.O’.Karimov so‘zga chiqib, barcha xotin-qizlarni aziz bayramlari bilan tabriklab, ularning kelgusidagi ishlariga omad va zafarlar tiladi.
Bayram kechasida Agentlik tizimida uzoq yillar fidoiylik bilan mehnat qilgan yoshi ulug‘ onaxonlar ham ishtirok etib, o‘zlarining dil so‘zlarini bildirdilar.
Tadbir estrada xonandalarining sho‘x qo‘shiqlariga ulanib ketdi.