“O’zstandart” agentligi tomonidan tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgan navbatdagi sayyor uchrashuv Navoiy viloyatining Karmana tumanida tashkil etildi.
Ma’lumki, jona-jon diyorimizga ko‘klam o‘zining yam-yashil libosini to‘shayotgan ayni kunlarda tabiatning chiroyi o‘zgacha.
Ayniqsa, yurtimizning olis va yaqin manzillari bo‘ylab kezsangiz bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz. Joriy yilning 5 mart kuni erta tongdan Toshkent-Buxoro yo‘nalishidagi Afrosiyob tezyurar poezdida Navoiy viloyatiga navbatdagi Sayyor qabulni o‘tkazish maqsadida yo‘lga otlandik.
Xayol kabi tezlik bilan uchib borayotgan poezd qisqa fursatlarda Sirdaryodan Jizzax viloyati hududiga kirib kelganini payqamabmiz.
Olis va yaqin manzillar, bir tomoni mirzacho‘l kengliklariga tutash yaylovlari, ikkinchi tomonda esa ming yilliklarga guvoh oqsoch Turkiston tizma tog‘lari, Jizzaxning qadim G’allaorol tumani hududidan oqib o‘tadigan Sangzor daryosi e’tiborimizni tortdi.
Shiddatli Sangzor daryosining irmoqlari esa Baxmal va Zomin tumanlaridagi ulug‘vor tog‘larining mayda-mayda irmoqlaridan kuch-quvvat olib, o‘zgacha kuch bilan oqadi. Bir qarashda suvlari sokindek ko‘rinsada, aslida purviqor tog‘larning qudrati va shifobaxsh buloqlari ta’siridan quvvatlangan Sangzor suvlari ming yillarki, hali-hanuz o‘z manzilini yo‘qotmaydi.
Yo‘limiz davomida ko‘plab ekin maydonlarida yaxshi niyatlar bilan ona zaminga urug‘ qadayotgan bobo dehqonlarimizni ham ko‘rdik. Shundan bildikki, jannatmakon o‘lkamizga haqiqatdan ham bahorning tashrifi rost ekan.
Ana shunday shirin xayollar, rejalar og‘ushida Navoiy viloyatiga ham yetib keldik. Karmana tumani viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin egallaydi. Shu sabab bo‘lsa kerak, Navbatdagi Sayyor uchrashuvimiz aynan shu tumanda tashkil etilgani bejiz emas.
Yaqindagina Muhtaram Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashriflari, u yerda oddiy insonlar va yoshlar bilan o‘tkazilgan samimiy uchrashuv va muloqotlar, viloyat aholisi uchun yaratib berilayotgan imtiyoz hamda imkoniyatlar Karmana tumanida o‘tkazilgan Sayyor qabulimizning bosh mavzusiga aylandi.
Sayyor uchrashuvida qatnashgan “O’zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov tadbirda so‘z olib, yig‘ilganlarni yurtimizga tashrif buyurgan bahorning tashrifi bilan, ayniqsa yaqinlashib kelayotgan xotin-qizlar bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng A.Karimov Respublikamiz Prezidenti tomonidan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasiga berilayotgan e’tiborning samarasi sifatida, soha rivoji yo‘lida qilinayotgan ishlarning ko‘lami va kelgusida bajarilishi rejalashtirilayotgan yo‘l xaritasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Sayyor uchrashuvi davomida “O’zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov yig‘ilganlarga ochiq va samimiy ruhda muloqot qilishni taklif qildi.
Shundan so‘ng ishlab chiqarish korxonalari vakillari va tadbirkorlar o‘zlarining faoliyatlarida uchrab turadigan bir qancha savollari va taklif hamda mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng, “O’zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov Navoiy erkin iqtisodiy hududida bo‘lib, u yerda yangi tashkil etilgan korxonalarning faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi. Suhbat jarayonida ularning faoliyatlarida standartlarni qabul qilish, hamda ishlab chiqarishga keng joriy etish, sertifikatlarni rasmiylashtirish tizimlarida o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolar yuzasidan manfaatli tavfsiyalar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.