O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnomasida texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish lozimligi ta’kidlangan edi. Bu borada qabul qilingan texnik reglamentlar mazmun mohiyatini aholi va tadbirkorlarga yetkazish, ular asosida xalqaro talablarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda.
“O’zstandart” agentligining Samarqand standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 31 martdagi 99-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Don xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamenti mazmun mohiyati haqida o‘quv seminari tashkil etildi.
O’quv seminarda boshqarma va markaz mas’ul hodimlari, viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, don korxonalari vakillari ma’ruzalari tinglandi hamda mazkur sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar kelishib olindi.
Tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tomonidan texnik reglamentlar bo‘yicha doimiy ravishda o‘quv seminarlarini tashkil etish mahsulot sifatini oshirishda muhim axamiyatga ega ekanligini bildirildi. Seminar davomida “O’zstandart” agentligi hamda uning tizim tashkilotlari amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot instituti tomonidan mahsus o‘quv kurslari tashkil etilayotganligi to‘g‘risida axborot berildi. Bu kabi o‘quv seminarlari doimiy ravishda tashkil etilishi to‘g‘risida kelishib olindi.