Joriy yilning 19-23 fevral kunlari “O’zstandart” agentligining Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot institutida O’zDSt 3286:2018 “Halol oziq-ovqat maxsulotlari bo‘yicha umumiy qo‘llanma” milliy standarti bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu standart Islom dini qoidalariga binoan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish, saqlash, tashish va tamg‘alashga doir talablarni belgilaydi.
Ushbu o‘quv kursiga oziq-ovqat bo‘yicha halol standarti bo‘lgan SMIIC 1 (Islom davlatlaring metrologiya va standartlari Instituti, 37 ta davlat a’zo) ni ishlab chiqishda bevosita qatnashgan, Turk Standartlari Institutining (TSE) hodimlarni sertifikatlash bo‘limi boshlig‘i - Muzaffar O’zan ma’ruzachi sifatida taklif etildi.
Ushbu o‘quv kursi halol mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida qatnashuvchi auditorlar tayyorlash maqsadida o‘tkazilib, unda “O’zstandart” agentligi, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK va uning hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari mutaxassislari ishtirok etdilar.
O’quv kursida O’zDSt 3286:2018 halol standarti SMIIC 1 standarti bilan aynan bir xil hisoblanib, unda O’zDSt ISO 22000:2009, CODEX STAN 1-1985, CAC/RCP 1-1969, CAC/RCP 58-2005, O’zDSt ISO 22005:2018 kabi me’yoriy xujjatlarga havolalar keltirilganligi ta’kidlab o‘tildi.
O’quv kursini muvofaqiyatli tamomlab, Turk Standartlari Instituti sertifikatlariga ega bo‘lgan xodimlar halol sertifikatlashtirish jarayonida auditor sifatida qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar. Halol sertifikatlashtirish jarayonida auditordan tashqari Diniy qo‘mitaning ishonchli vakili ham ishtirok etadi.