Joriy yilning 13 fevral kuni “O‘zstandart” agentligining Qashqadaryo Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Sinov va sertifikatlashtirish markazining tashabbusi bilan viloyatda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar, fermer xo‘jaliklari hamda eksportyor korxonalar uchun “Halol”, “Global G.A.P.” va Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro standartlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Seminarga O‘zbekiston musulmonlar idorasi hamda «O‘zstandart» agentligidan bir guruh ma’sullar taklif etildi.
Bugungi kunda aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, shu bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan 2018 yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qullab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi, hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”da iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur seminar ishining mazmun-mohiyati ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi mahalliy fermer xo‘jaliklariga, eksport salohiyatini oshirish va texnik to‘siqlarni bartaraf etishda amaliy ko‘maklashishga qaratildi.
Kun tartibidagi “Halol”, “Global G.A.P.” va Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro standartlari talablari, mohiyati va dolzarbligi yuzasidan malakali mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Jumladan mazkur xorijiy standartlarini amaliyotga joriy etishning afzalliklari, hamda ishlab chiqarish korxonalariga, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mazkur standartni qabul qilish orqali sertifikatlashtirish jarayonlarida belgilangan me’yorlarga amal qilinishi muhimligini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Seminar yakunida bunday foydali uchrashuvlarni tizimli o‘tkazishga qaror qilindi.