“O‘zstandart” agentligi Sirdaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Sinov va sertifikatlashtirish markazi viloyat hokimligi bilan hamkorlikda OAV vakillari ishtirokida Sirdaryo viloyatida mehnat qilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi mahalliy fermer xo‘jaliklari, agrofirmalarning rahbarlariga eksport salohiyatini oshirish va mavjud texnik to‘siqlarni bartaraf etishda ko‘maklashish maqsadida seminar tashkil qilindi.
Seminar ishini viloyat xokimligi kotibiyati mudiri I.Raxmonov ochib yig‘ilganlardan tadbirni jonli va ochiq muloqot shaklida o‘tkazishni taklif qildi.
“O‘zstandart” agentligi SMSITI bo‘limi boshlig‘i S.Saidov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 noyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3377-sonli qarori bilan respublikamizda xalqaro standartlarni, shu jumladan “ISO 22000”, “Halol” standartlarini joriy etish belgilanganligi keng miqyosda tushuncha berdi.
Qarorga muvofiq “O‘zstandart” agentligi tomonidan Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi bilan kelishilgan holda O`zDSt 3286:2018 – “Halol oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha umumiy qo‘llanma” O‘zbekiston Respublikasining davlat standarti qabul qilinganligini, ushbu standart islom prinsiplari va sharoitlariga binoan, halol mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, tayyorlash, qayta ishlash, tasniflash, qabul qilish, qadoqlash, tamg‘alash, belgilash, tekshirish, ortish-tushirish, yetkazib berish, tarqatish, saqlash va xizmat ko‘rsatish kabi oziq-ovqat tizimining har bir bosqichida rioya qilish uchun zarur bo‘lgan umumiy qoidalarni o‘z ichiga olishini ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga organik sertifikatlashtirishning talablari va GLOBAL G.A.P. standarti yuzasidan, standartning talablari, mohiyati va dolzarbligi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar mavzu yuzasidan hamda sohaga oid boshqa masalalarda qiziqtirgan savollar berishdi. Sirdaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i B.Hamrokulov, Sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori J.Shakarov va “O‘zstandart” agentligi SMSITI bo‘limi boshlig‘i S.Saidovlar berilgan savollarga to‘liq javob qaytardilar.
Sirdaryolik fermerlar bu kabi seminarlarni hududlarda tashkil etishga kelishib oldilar.