Joriy yilning 3 fevralida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Turin Politexnika Universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-sonli Qarori va Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardardagi 12-sonli hamda 1999 yil 29 martdagi 14-sonli qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari J.Shukurov ishtirok etib, “O‘zstandart” agentligida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini nazorat qilish, sohada ijro intizomini yanada takomillashtirish bo‘yicha yaratilgan ish uslubi va uning samaradorligi to‘g‘risida” ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Shuningdek yig‘ilish davomida “O‘zstandart” agentligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar va ular bilan ishlash va o‘z vaqtida javob berish tizimini rivojlantirish maqsadida hujjatlarni nazorat qilish bo‘yicha maxsus elektron hujjat almashish dasturi joriy etilgani hamda ushbu dasturning afzalliklari to‘g‘risida batavfsil ma’lumot berildi.
O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, 2017 yil davomida “O‘zstandart” agentligiga jami 1563 ta Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Hukumat qarorlari va farmoyishlari, topshiriqlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Shundan: 20 ta Respublikamiz Prezidenti farmonlari, 57 ta qarorlari, 11 ta farmoyishlari, 136 ta Hukumat qarorlari va farmoyishlari, 576 ta Vazirlar Mahkamasi bayonlari va topshiriqlari hamda 756 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Ushbu kelib tushgan topshiriqlarning ijrosi o‘z vaqtida bajarilib, Prezident Devoniga hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobotlar kiritilib borilganligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Amaliy seminar ishida “O‘zstandart” agentligi tizimidagi Ijro intizomining o‘ziga xos ish uslubi yuqori baholanish bilan birga, boshqa vazirlik hamda idoralarga ham ommalashtirish masalasi o‘rtaga tashlandi.