Inson ma’naviy jihatdan barkamollikka intilsa, u g‘arazli niyatlarga berilmasdan, hayotga teran va xolis nigoh bilan qaraydi. O‘zgalar mehnatini va fidoiyligini e’tirof etish bilan birga, yon atrofidagilarni ezgu maqsadlar sari ergashtira biladi.
Qishning izg‘irinli kunlarida quyoshning qaynoq taftiga intilganimiz singari, odamlar ham ma’naviy-ma’rifiy tomonidan yuksak bo‘lganlarning ma’nili, ruhiyat dunyolarini boyitadigan diltortar suhbatlaridan bahramand bo‘lish umidida ularga talpinadilar.
Bundaylarga ta’rif berilganda ularni ko‘plar sodda qilib daryodil, ba’mani va samimiy qalb egasi deya ta’riflaydilar.
“O‘zstandart” agentligida haftaning har juma kuni ma’naviyat soatlarini tizimli tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ham aslida barchaning qalbiga ma’naviy boylikni olib kirishga qaratilgan.
Inson moddiy jihatdan boy bo‘lishi mumkin. Ammo ma’naviy tomonidan qashshoq bo‘lsa bunday inson bilan suhbatlashishdan naf yo‘q. Undan barcha bezor bo‘ladi. Imkoni bo‘lsa undan uzoqroq yurishni istaydi.
Xalqimizning hurmatini qozongan siyosiy sharhlovchi Q.Karimbekov tashkil etilgan ma’naviy uchrashuvda insoniy fazilatlar, yurtga, xalqqa fidoiylik, Prezidentimiz tomonidan puxta o‘ylangan hayotbaxsh siyosiy va iqtisodiy islohotlarni hayotga tadbiq etishda barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerakligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, siyosiy sharhlovchi o‘z ma’ruzasida 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Ma’naviyat soati yakunida agentlik xodimlari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.