“O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining “2018 yil 1-yarim yillikda viloyatlardagi shahar va tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslarni Sayyor qabuli jadvali”ga asosan O‘zstandart” agentligi rahbariyatining Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Sayyor qabuli” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Viloyat hokimligining tadbirkorlik va eksportni qo‘llab-quvvatlash guruhi, Bojxona boshqarmasi, Investitsiya boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi, eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi viloyat bo‘limi, karantin inspeksiyasi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va eksportyor korxona rahbarlari, Guliston shahrida faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxonalar vakillari, jismoniy shaxslar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.
Ahamiyatli tomoni shundaki mazkur tadbir Guliston shahridagi yangi “Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi” binosining majlislar zalida tashkillashtirildi.
Sirdaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i B.Xamrakulov tadbirkorlarimizning muammolarini ularning ichiga kirib tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rish zarurligini aytib, shu maqsadda rahbariyatimiz tomonidan joylarda “Sayyor qabul”lar o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlanib, navbatdagi uchrashuv Gulistonda tashkillashtirilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Sirdaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori J.Shakarov so‘zga chiqib, Sayyor qabul ishtirokchilariga bugungi kunda “O‘zstandart” agentligi tomonidan olib borilayotgan islohotlar va rejalashtirilgan istiqboldagi dasturlar hamda ularning samarasi xususida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Jumladan, “O‘zstandart” agentligining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 noyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida “Halol” standarti joriy etilganligi aytib o‘tildi. Ishtirokchilarga “Halol” standarti to‘g‘risidagi videorolik namoyish etildi.
Tadbirda ishtirok etgan barcha mutasaddi tashkilotlar bugungi kunda sohalarda tadbirkorlarga shu jumladan maxsulotlarni import va eksport qilishda yaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilariga, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, sifat tizimi to‘g‘risidagi bukletlar to‘plamlari tarqatildi va tadbirkorlarimizdan faolroq bo‘lib, o‘zlaridagi uchrayotgan muammolar, qiziqtirgan savollar yoki takliflar to‘g‘risida ochiqroq gapirish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuv ochiq-muloqot shaklida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.