O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 martdagi 160-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu Qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad, texnik reglamentlarga rioya qilish ustidan samarali davlat nazoratini, mahsulotni majburiy sertifikatlashtirish qoidalari sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari tomonidan buzilmasligi uchun ularning mas’ulyatini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarining normalarini to‘laqonli amalga oshirishni ta’minlashdir.
Qonun loyihasini qabul qilish zarurligi
“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning
22 va 26- moddalariga muvofiq texnik reglamentlarga rioya etish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir. Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Biroq hozirgi kungacha texnik reglamentlarga rioya etmagan shaxslar javobgarligi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 22 va 23-moddalarida sertifikatlashtirish organlariga, sinov laboratoriyalariga (markazlarga) va ishlab chiqaruvchilarga (tadbirkorlarga) sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Biroq, MJtKning 214-moddasida faqatgina tayyorlovchilarga (tadbirkorlarga) mahsulotni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu qoidalari sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari (markazlar) tomonidan buzilgan hollarda esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ularni ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilmagan.
Mavjud muammolarni bartaraf etish va yuqorida qayd etilgan “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126, 152, 153, 173, 212, 214 va 265-moddalariga qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi, xususan, texnik reglamentlar talablarini, shuningdek, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari (markazlar) tomonidan sertifikatlashtirish qoidalari buzilganligi uchun javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining asosiy mazmuni
Ushbu Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126, 152, 153, 173, 212, 214 va 265-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Xususan:
126, 152, 153, 173, 212-modda nafaqat standart talablarini buzganlik uchun, balki texnik reglament talablarini buzganlik uchun ham qo‘llaniladi;
O‘zbekiston Respublikasida standartlashtirishga doir normativ hujjatlar toifasida mavjud bo‘lmagan “tarmoq standarti” va “texnik shartlar” atamalari chiqarib tashlanadi;
214-modda talablari nafaqat ishlab chiqaruvchilarga (tadbirkorlarga), balki sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalariga (markazlarga) nisbatan ham qo‘llaniladi.
265-modda talablari, nafaqat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi qoidalarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar nomidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish, balki texnik reglamentlarga ham rioya qilinishi, mazkur sohadagi xuquqbuzarliklarni ham ko‘rib chiqish va ma’muriy javobgarlikka tortish vakolatlarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar Kodeksning umumiy konsepsiyasini o‘zgartirmaydi.
Kutilayotgan natija
Qonun loyihasida nazarda tutilgan o‘zgartirishlar mahsulotlar, jarayonlar, ishlar va xizmatlarning xavfsizligi, sifati va raqobatbardoshliligini oshirish masalalarida iste’molchilar va davlat manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.