Farg‘onada “Ekologik toza mahsulotlar bilan jahon bozoriga” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan yosh fermerlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va yoshlar ishtirok etdi.
Yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari sarxil va xushta’mligi, eng muhimi, foydali va to‘yimliligi bilan jahon bozorida xaridorgir. O‘tgan yili birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida 138 million 462 ming dollarlik 185 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilingani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Farg‘ona tumanidagi “Oq tulpor” fermer xo‘jaligi 800 ming dollarlik mahsulot eksport qilib, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda.
– Mamlakatimizda yetishtirilayotgan organik-ekologik toza mahsulotlarga jahon bozorida qiziqish tobora ortmoqda, – deydi Quvasoy shahridagi “Fayz Gulbahor obod” fermer xo‘jaligi rahbari Shahboz Hojirahmatov. – Xo‘jaligimizda ham zamonaviy texnologiyalar asosida meva-sabzavot yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bugungi seminarda olimlar va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari mahsulot yetishtirish va uni eksport qilish borasida qimmatli maslahatlar berdi.
Manba: uza.uz